IIV kvadroberlarning ota-onalari jarimaga tortilishini maʼlum qildi
Ichki ishlar vazirligi oʻzini hayvonlarga qiyoslab, oʻsha jonzotning xatti-harakatlariga taqlid qilgan bolalar uchrayotgani haqida bildirib, ota-onalarni farzand tarbiyalash boʻyicha majburiyatlarni bajarmaslik javobgarlikka sabab boʻlishidan ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar oʻrtasida oʻzini maʼlum bir hayvon qiyofasida aks ettiruvchi aksessuarlardan foydalangan holda oʻsha jonzotning xatti-harakatlariga taqlid qilish koʻrinishidagi kvadroberlik submadaniyati namoyon boʻlmoqda.
Bunday harakatlar Qozogʻiston, Rossiya va Ukraina yoshlari orasida kuzatilishi bilan birga Toshkent shahrida ham uchramoqda.
Xususan, 10-oktyabrda hayvonlar qiyofasidagi niqoblarni taqib olgan kvadrober uchratilgan, 11-oktyabrda esa yana bir kvadrober yoʻlovchilarga itga taqlid qilib hujum qilgan. Voqeaga guvoh boʻlgan bola qattiq qoʻrqib ketgani haqida xabar berilgan.