Issiqkoʻldagi toʻrtta pansionat Oʻzbekistonga berildi
Barcha obyektlar avval egalik qilgan investorlarga 49 yilga ijaraga taqdim etildi.
Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiziston hukumati bilan Issiqkoʻldagi kurort va dam olish maskanlari toʻgʻrisidagi kelishuvni tasdiqladi.
Bitim Sadir Japarovning iyul oyidagi Oʻzbekistonga tashrifi doirasida imzolangandi. Unga koʻra, Issiqkoʻl sohilidagi toʻrtta pansionat avval egalik qilgan oʻzbekistonlik investorlarga 49 yilga ijaraga beriladi.
Xususan, quyida rekreatsion obyektlar va ularga mulk huquqini amalga oshiruvchi kompaniyalar keltirilgan:
- “Dilorom” — “Asakabank”;
- “Oltin qumlar” — Toshkent mexanika zavodi;
- “Rohat” — “Oʻzmilliybank”;
- qurilishi tugallanmagan “Boʻston” majmuasi — “Oʻzsanoatqurilishbank”.
Investorlar obyektlarni 3−4 yulduz darajasida rekonstruksiya qilishlari, shuningdek, xodimlarining kamida 80%i Qirgʻiziston fuqarolaridan iborat boʻlishi kerak. Har bir obyekt uchun taxminiy investitsiya miqdori $15−20 mlnni tashkil etadi.
Bitimning bajarilishi uchun javobgarlik Davlat aktivlarini boshqarish agentligi zimmasiga yuklanadi. Tashqi ishlar vazirligiga Qirgʻiziston hukumatiga shartnomaning kuchga kirishi uchun tartib-taomillarning bajarilishi toʻgʻrisida bildirishnoma yuborish topshirildi.