Jahongir Otajonov elektromobilda soatiga 195 km harakatlangani uchun jarimaga tortildi
Xonanda Jahongir Otajonov yangi xarid qilgan Zeekr X avtomobilida 195 km/soat tezlikda harakatlangani uchun jarimaga tortildi.
Xonanda buni oʻzi videoga olib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylagan. Piyodalar oʻtish joyiga kelganida avtomobil tezligi 140 km dan yuqori boʻlganini koʻrish mumkin.
Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining xabar berishicha, qoʻshiqchiga nisbatan oʻrnatilgan tartibda chora koʻrildi. Unga tezlikni oshirgani va harakat vaqtida telefondan foydalangani uchun jarima jazosi belgilangan.
“Aslida toʻgʻri hisoblamayman. Avvalo, oʻzim uchun xavfli. Insonmizda, haydab koʻrdim. Bundan keyin eʼtiborli boʻlamiz”, — deydi Jahongir Otajonov. U, shuningdek, shoʻxlik qilib, tez yurgani uchun mashinasini ham urishib bergan. Xonandaning reaksiyasi tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻldi.
Otajonovga MJtKning 128/3-moddasiga koʻra, BHMning 9 baravari (3 mln 375 ming soʻm) hamda kodeksning 128/1-moddasiga koʻra, BHMning 3 baravari miqdorida (1 mln 125 ming soʻm) jarima tayinlangan. U jami 4,5 million soʻm jarimani 15 kun ichida toʻlasa 50 foizlik chegirma qoʻllaniladi.