Janubiy Koreya Jizzax viloyatida chiqindilarni qayta ishlash zavodi quradi
Janubiy Koreya korporatsiyasi O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 7−11-oktyabr kunlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov Seul shahrida bo‘lib, bir qancha kompaniyalar bilan chiqindilarni qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Shuningdek, chiqindilarni yoqish orqali “yashil” energiya oladigan korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Koreya Eksport-import banki vakillari bilan muzokaralar olib bordi.
Bundan tashqari, Iskandar Qutbiddinov Koreya Atrof-muhit vazirligi huzuridagi Koreya atrof-muhit korporatsiyasi (K-eco) raisi B. An bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va ekologik xavfsizlik borasida tajriba almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yakunda Jizzax viloyatida barqaror chiqindilarni qayta ishlash zavodini qurish bo‘yicha umumiy qiymati 6,2 million dollarga teng bo‘lgan 4 yillik grant loyiha bitim imzolandi.
Loyiha doirasida poligonni rekultivatsiya qilish, 300 ming kub metr chiqindini bir joyga to‘plash, tuproq bilan qoplash hamda chiqindixona gazini yig‘ish va piroliz usuli orqali yoqish, elektr energiya ishlab chiqarish uskunalarini (elektrogenerator) o‘rnatish belgilangan.