Janubiy koreyalik yozuvchi adabiyot boʻyicha Nobel mukofotini qoʻlga kiritdi
Stokgolmda Shvetsiya Fanlar akademiyasi adabiyot boʻyicha 2024-yilgi Nobel mukofoti sohibini eʼlon qildi.
Bu yilgi mukofot janubiy koreyalik yozuvchi Xan Kanga nasib etdi. Uning asarlari “tarixiy jarohatlar va inson hayotining nozikligini aks ettiruvchi kuchli nasriy sheʼriyat” sifatida eʼtirof etildi.
U tana va ruh, hayot va oʻlim oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻziga xos anglab yetib, sheʼriy va eksperimental uslubda zamonaviy nasrda yangilik yaratuvchisiga aylangan.
Laureatlarni taqdirlash marosimi Stokgolmda 10-dekabr kuni, Alfred Nobel vafot etgan kuni boʻlib oʻtadi. 2024-yilda mukofot miqdori 11 million shved kronasi yoki taxminan 1,06 million dollarni tashkil etadi. Pul mukofotidan tashqari, Shvetsiya qiroli sovrindorlarga medal va diplomlarni topshiradi.
11-oktyabr kuni Osloda tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti laureatlari nomi eʼlon qilinadi. Shuningdek, 14-oktyabrda Shvetsiya banki tomonidan 1968-yilda taʼsis etilgan Alfred Nobel mukofotining iqtisod boʻyicha sovrindori maʼlum boʻladi.
2023-yilgi adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti norvegiyalik yozuvchi Yon Fossega topshirilgandi. U “taʼriflash qiyin boʻlgan tuygʻularni ifodalovchi innovatsion pyesalari va nasriy sheʼri uchun” taqdirlangan.