Janubiy Qozogʻiston universiteti Chirchiqda oʻz filialini ochadi
Iqtisodiyot tarmoqlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash reja qilingan filialga belgilangan tartibda litsenziya olinganidan soʻng taʼlim faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat etiladi.
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universitetining filiali tashkil etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.
Filialga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish ishlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda, universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi. Filial bitiruvchilariga Oʻzbekistonida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Filialga belgilangan tartibda litsenziya olingandan soʻng taʼlim faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat etiladi. Shuningdek, filialning har yilgi qabul parametrlarining 5 foizdan kam boʻlmagan qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli boʻlgan farzandlari orasidan tanlov asosida abituriyentlarni bepul oʻqishga qabul qilish uchun ajratiladi.