JCH uchun navbatdagi yurish: Oʻzbekistonning bu safargi imkoniyatlari qanday?
Ushbu maqolada Oʻzbekiston terma jamoasining avvalgi natijalari va bu safargi imkoniyatlar haqida soʻz boradi.
Bugun, 5-sentyabr kuni Oʻzbekiston milliy terma jamoasi azaliy orzuni amalga oshirish uchun maydonga tushadi.
“Bunyodkor” stadionida roppa-rosa soat 19:00 da boshlanadigan uchrashuvda Srechko Katanets shogirdlari KXDR terma jamoasiga qarshi oʻyin oʻtkazadi. Ushbu maqolada Oʻzbekiston terma jamoasining avvalgi natijalari va bu safargi imkoniyatlar haqida soʻz boradi.
Oʻzbekistonlik futbol muxlislari va oʻzbek futboli uchun Jahon chempionatlari saralashlaridagi uchinchi sikl ogʻriqli hisoblanadi. Bu sikl katta yoshdagi futbol muxlislari uchun asrimiz avvalidagi yirik magʻlubiyatlar, biroz yoshroq muxlislar uchun esa yetmay qolgan birgina ochko yoki gollar bilan yodda qolgan.
Tarix yangilanadimi?
Oʻzbekiston terma jamoasi tarixda bir necha bor jahon chempionatlariga juda yaqin kelgan. Masalan, 2014-yilda Braziliyada oʻtgan JCH saralashini murabbiy Vadim Abramov bilan boshlagan jamoa ilk oʻyinda Eron bilan toʻqnash keladi va magʻlub boʻladi. Shundan soʻng Mirjalol Qosimov qoʻliga oʻtgan jamoa yulduzli tarkib va mazmunli oʻyin bilan maqtana olardi. Ammo bu jamoaga JCH uchun bir qadam yetmay qoladi.
2018-yilgi Jahon Chempionati saralashi uchinchi bosqichida esa Samvel Babayan qoʻl ostidagi jamoa oʻyinning mazmunsizligi tufayli koʻplab tanqidlarga uchraydi. Ammo ilk oʻyinlarda Suriya va Qatar magʻlub etiladi. Oʻyin chiroyli boʻlmasada, gʻalabalar qoʻlga kiritilayotgandi. Ammo baribir yakunda jamoa guruhda 4-oʻrinni oladi va Rossiyadagi JCHga chiqa olmaydi. 2022-yilgi JCH saralashida esa terma jamoa 3-bosqichga chiqa olmagan.
Imkoniyatlarni chamalaymiz
Oʻzbekiston uchun quvonchli boʻladigan holat bu Jahon chempionati ishtirokchilari soni 32 tadan 48 taga oshirilgani va Osiyo qitʼasi uchun 8,5 ta oʻrin berilgani deyish mumkin. Oʻzbekiston endi avvalgidek 4,5 ta emas, balki 8,5 ta oʻrin uchun kurashadi.
Bundan tashqari, qurʼada ham Oʻzbekiston uchun qulay raqiblar tushganini koʻrish mumkin. Guruh favoriti Eron. Keyin esa Qatar. Shuningdek, qoʻshnilarimiz Qirgʻiziston va BAA terma jamoalari ham 8,5 ta oʻrin uchun kurashadi.
JCH-2026 saralashining ikkinchi bosqichida Oʻzbekiston Eron bilan ikki marta toʻqnash keldi va magʻlub boʻlmadi. Toshkentdagi oʻyin 2:2 natijasi bilan yakunlandi, Tehronda esa 0:0 hisobi qayd etildi.
Ehtimoliy yakun
Qatar esa amaldagi Osiyo chempioni hisoblanadi. Soʻnggi Osiyo chempionatida Katanes shogirdlari Qatarga qarshi chorak finalda maydonga tushgandi. Uchrashuv asosiy va qoʻshimcha vaqtlarida durang boʻlgan, penaltilar seriyasida esa Qatar gʻolib boʻlgandi.
Har safar kabi bu saralashda ham Oʻzbekiston terma jamoasiga ishonch yuqori. Tarkib kuchliligi va murabbiy taktikasi oʻzaro yaxshi bogʻlangan. Bu safar JCHga chiqish uchun terma jamoa imkoniyatlarini yuqori baholash mumkin.
Buning uchun bugun uchinchi bosqichning birinchi oʻyinida KXDRga qarshi ajoyib oʻyin va gʻalaba qayd etilishi kerak. Ushbu oʻyinda Oʻzbekiston terma jamoasi yaqqol favorit boʻlsada, shimolliklardan kutilmagan sovgʻalar boʻlishi ehtimoli ham yoʻq emas.