JSST rahbari keyingi pandemiya muqarrar ekanini aytdi
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida boʻlib oʻtgan Pandemiyaga tayyorgarlik boʻyicha global sammitda JSSTning Epidemiologiya ilmiy-tadqiqot dasturi olimlar va hukumatlarni tadqiqotga kengroq yondashishga chaqiruvchi hisobot taqdim etdi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Gebreyesus “keyingi pandemiya muqarrar va faqat vaqt masalasidir” dedi.
“Bizning tajribamiz shuni koʻrsatadiki, keyingi pandemiya muqarrar va faqat vaqt masalasidir. Biz pandemiyaning salbiy oqibatlarini ilm-fan va kuchli siyosiy pozitsiya orqali yumshatish mumkinligini ham tajribamizdan bilamiz”, — dedi JSST bosh direktori.
Epidemiyaga tayyorgarlik innovatsiyalari koalitsiyasi (CEPI) va JSST mamlakatlarni keyingi pandemiyaga tayyorgarlik koʻrish uchun kengroq tadqiqot strategiyasini ishlab chiqishga chaqirdi.
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida boʻlib oʻtgan Pandemiyaga tayyorgarlik boʻyicha global sammitda JSSTning Epidemiologiya ilmiy-tadqiqot dasturi olimlar va hukumatlarni tadqiqotga kengroq yondashishga chaqiruvchi hisobot taqdim etdi.
Ushbu yondashuv bizga keng qoʻllash imkoniyatlariga ega amaliy bilimlarni yaratish, yangi sanitariya-epidemiologiya tahdidlariga tezda moslasha oladigan vositalar va qarshi choralarni yaratish imkonini beradi.
Gap patogen mikroorganizmlarning yuqish mexanizmlari va inson infeksiyasining yoʻllarini, shuningdek, inson immunitet tizimining reaksiyasini oʻrganish boʻyicha kuzatuv va tadqiqotlarni kuchaytirish zarurligi haqida ketmoqda.
50 dan ortiq mamlakatlardan 200 dan ortiq olimlar jami 1652 patogenni oʻz ichiga olgan viruslarning 28 oilasi haqidagi ilmiy va dalillarga asoslangan maʼlumotlarni koʻrib chiqqan hisobotga oʻz hissasini qoʻshdi.
“Keyingi pandemiyaga tayyorgarlik koʻrar ekanmiz, biz ilm-fan va siyosiy qarorning bir xil kombinatsiyasiga erishishimiz kerak. Bizni hamma joyda oʻrab turgan turli patogenlar haqidagi bilimimizni kengaytirish har bir mamlakat olimlarining ishtirokini talab qiladigan global loyihadir”, — dedi Gebreyesus.
CEPI va JSST, shuningdek, potensial pandemiyalarga tayyorgarlik koʻrish uchun global ilmiy muvofiqlashtirish va qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazishga chaqirdi.