JSST yangi epidemiyadan ogohlantirmoqda
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Ruandada Marburg virusining ilk holatlari qayd etilganidan keyin mazkur virus epidemiyasi xavfi haqida ogohlantirdi.
JSSTning aniqlik kiritishicha, 26-sentyabr holatiga koʻra, ushbu virus bilan bogʻliq jami 26 ta, jumladan, sakkizta oʻlim holati qayd etilgan. Ruandaning 30 ta hududidan yettitasida bunday holatlar aniqlangan.
Kasallanganlarning aksariyati Ruanda poytaxti Kigali shahridagi ikkita tibbiyot tashkiloti xodimlaridir. JSST maʼlumotlariga koʻra, epidemiya xavfi milliy va mintaqaviy darajada juda yuqori, ammo global darajada past.
Marburg virusi Ebola oilasiga mansub va klinik jihatdan unga oʻxshaydi. U gemorragik bezgakni keltirib chiqaruvchi virusli kasallikdir. Infeksiya kasallangan odamlarning biologik suyuqliklari bilan bevosita aloqa qilish orqali, shuningdek, yuzalar va materiallar orqali yuqadi.
Virus bilan ogʻrigan bemorlarda kuchli bosh ogʻrigʻi, qorin ogʻrigʻi, burun va ogʻizdan qon ketishi kabi alomatlar kuzatiladi. Virusning oʻlim darajasi 88 foizga yetadi. Tashkilotning qayd etishicha, hozirda Marburgga qarshi vaksina mavjud emas. Uni davolash simptomatik boʻlib, immunitetni saqlash uchun preparatlar qoʻllanadi.