Kibersport boʻyicha Olimpiada oʻyinlari qayerda oʻtkazilishi maʼlum boʻldi
XOQ prezidenti Tomas Bax ushbu oʻyinlar xalqaro sport musobaqalariga xos boʻlgan barcha qadriyatlarni hurmat qilishini taʼkidlagan.
Xalqaro olimpiya qoʻmitasi (XOQ) 2025-yilda Saudiya Arabistonida ilk kibersport Olimpiadasi oʻtkazilishini maʼlum qildi. Bu haqdagi maʼlumot qoʻmita saytida eʼlon qilindi.
XOQ Saudiya Arabistoni bilan elektron sport Olimpiadasini muntazam oʻtkazishni nazarda tutuvchi 12 yillik shartnoma tuzgan. XOQ prezidenti Tomas Bax ushbu oʻyinlar xalqaro sport musobaqalariga xos boʻlgan barcha qadriyatlarni hurmat qilishini taʼkidlagan.
E-sport oʻyinlarini rasmiy taqvimga kiritish taklifi qoʻmitaning 26-iyuldan 11-avgustgacha oʻtkaziladigan Parijdagi yozgi Olimpiya oʻyinlari oldidan boʻlib oʻtadigan yigʻilishida koʻrib chiqiladi.
2024-yil iyun oyi oʻrtalarida XOQ Ijroiya qoʻmitasi kibersport boʻyicha Olimpiya oʻyinlari tashkil etilishini eʼlon qilgandi. XOQning E-sport bilan birinchi oʻzaro aloqasi 2018-yilda Lozannada Kibersport forumi boʻlib oʻtganida sodir boʻlgan. Shundan soʻng E-Sport aloqalari guruhi tuzildi, keyinchalik u XOQ E-Sport komissiyasiga aylandi.