/
/
Lola uzoq kutilgan konsertga tayyorgarlik koʻrmoqda: Barcha tafsilotlar
12.09.2024

Lola uzoq kutilgan konsertga tayyorgarlik koʻrmoqda: Barcha tafsilotlar

Xonanda Lola 10 yillik tanaffusdan soʻng oʻzining yakkaxon konsertini taqdim etadi. Bu dastur hit taronalar, duetlar va premyeralarga boy boʻlishi kutilmoqda.

Lola uzoq kutilgan konsertga tayyorgarlik koʻrmoqda

Taniqli xonanda Lola 27–29-sentyabr kunlari Toshkent shahridagi “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyida konsert beradi.

Lola oxirgi konsertini bundan 10 yil oldin, yaʼni 2014-yilda taqdim etgandi. Oʻsha paytda dastur koʻplab shov-shuvlarga sabab boʻlgan.

Uzoq tanaffusdan keyin katta qaytish

Qoʻshiqchi soʻnggi yillarda ijoddan tanaffus olib, shaxsiy hayoti, bolalar tarbiyasi bilan shugʻullangani va ruhiy sokinlikka intilganini aytadi.

Lola yaqinda mashhur xonanda Konsta bilan “Sogʻindim” taronasiga remeyk ishladi. Bu qoʻshiq ham Yandex va Spotify chartlaridan oʻrin oldi.

Lola, shuningdek, 10-sentyabr kuni Tashkent City Mall savdo markazida kichik auditoriyaga jonli ijrodagi chiqishlarini taqdim etdi. Buni konsertoldi tayyorgarlik deyish mumkin.

Bu konsert nimalari bilan hayratda qoldiradi?

Ushbu dasturga xonanda va uning jamoasi katta tayyorgarlik koʻrgani aytilmoqda. Buni qoʻshiqchining Instagramʼdagi sahifasida joylangan postlardan ham bilish mumkin.

Konsert “L.O.L.A.” deb nomlanadi va u ijodkorning oʻrta yosh inqirozida kechayotgan oʻy-xayollari, ruhiy holati, ichki kechinmalari va shaxsiy hisob-kitobi haqida soʻzlaydi.

Shu jihatdan olib qarasak, dastur asosan falsafiy havolalar, sokin muhit va eski davrlarda eng mashhur taronalarga boy boʻladi deyish mumkin. Chunki xonanda muxlislarining yoshi ham ancha katta boʻlib qoldi.

Noodatiy yondashuv va kollaboratsiyalar

Taʼkidlash joiz, xonanda Lola koʻplab taniqli brendlarning asosiy hamkori va chehrasi hisoblanadi. Uning konsertiga reklama bannerlari poytaxtdagi eng katta savdo markazi — Tashkent City Mallʼda taqdim etildi.

Bundan tashqari, oʻzbek shou-biznesida birinchilardan boʻlib, xonandaning konsertiga chiptalar onlayn toʻlov xizmati Payme ilovasi orqali sotildi. Eʼtiborli jihati shundaki, hozirda uning konsertiga barcha chiptalar sotib boʻlingan.

Lola yaqinda xonandalar Hamdam Sobirov, Konsta va “Benom” guruhi bilan duet taronalar yaratdi. Konsertda ushbu juftlik qoʻshiqlari ham ijro etilishi kutilmoqda. Konsert shou dasturlarga va insaytlarga boy boʻlishi vaʼda qilingan.