Madagaskarda qoyaga oʻyilgan sirli meʼmoriy inshoot topildi
Qadimgi artefaktlar orasida XI-XIV asrlarga oid sopol parchalari ham bor ekan. Aftidan, ularni orolga Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan olib kelgan.
Xalqaro arxeologlar guruhi Madagaskar janubida olis Isalo massividagi qoyaga oʻyilgan sirli meʼmoriy inshootni topdi. Topilma ayniqsa qiziqarli, chunki uning Sharqiy Afrika oroli yoki qirgʻogʻida oʻxshashi yoʻq.
Tadqiqotga Shveytsariyaning Bern universiteti Geologiya fanlari instituti dotsenti Gvido Shreurs rahbarlik qildi. Uning soʻzlariga koʻra, gap turli oʻlchamdagi terrasalar, basseynlar va tokchalarni oʻz ichiga olgan butun bir majmua haqida bormoqda. Sanalar shuni koʻrsatdiki, odamlar bularning barchasini taxminan eramizning X-XII asrlarida qurishgan. Qurilish sanasini aniqlashga qazishmalar vaqtida topilgan pista koʻmir yordam berdi.
Qadimgi artefaktlar orasida XI-XIV asrlarga oid sopol parchalari ham bor ekan. Aftidan, ularni orolga Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan olib kelishgan. Bu esa oʻsha davr mahalliy aholisining savdo aloqalari keng boʻlganligini koʻrsatadi.
Ajablanarlisi shundaki, arxitektura uslubiga oʻxshash narsa faqat minglab kilometr narida, Eronning Fors viloyatida mavjud. Shunga oʻxshash Eron inshootlari ming yildan ortiq vaqtdan beri mavjud boʻlib, ular zardushtiylik dafn amaliyoti bilan bogʻliq. Shuning uchun tadqiqotchilar Madagaskarda topilgan bino koʻchmanchilar tomonidan yaratilgan nekropolning bir qismi boʻlishi mumkin deb taxmin qilishadi. Biroq bu nazariyani hali tasdiqlash kerak.