Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Toshkentdagi kiyim doʻkoni reklamasida koʻrinish berdi
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Toshkent shahrida joylashgan Kingsman erkaklar kiyimi doʻkonining reklama xususiyatida reklama roligida koʻrinish berdi. Raqobat qoʻmitasi bu vaziyat oʻrganilishini maʼlum qildi.
Toshkent shahrida joylashgan Kingsman erkaklar kiyimi doʻkoni Instagram sahifasida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov doʻkonni reklama qilganiga oid rolikni eʼlon qildi. Keyinchalik video oʻchirilgan.
Videoda vazir doʻkon Toshkentning qoq markazida joylashganini taʼkidlarkan, oʻzbekistonliklar Italiya sifatiga teng darajada mahsulotlar ishlab chiqarayotganini aytgan. Bu yerda kiyim-kechaklar, sport yoʻnalishidan tortib klassikagacha, barcha yoʻnalishlar mavjud, deydi u.
Ushbu holat yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun doirasida oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Qoʻmita asosiy vazifalaridan biri mamlakatda reklama sohasiga oid qonunchilikni nazorat qilib borish hisoblanishini qoʻshimcha qilgan.