Maktablarda oʻquvchilar uchun majburiy forma joriy etilmaydi
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan olib borilgan oʻrganishlar va tahlilda yagona maktab formasi maktab oʻquvchilari (ularning ota-onalari) oʻrtasida kiyinish boʻyicha raqobatni cheklashi aniqlangan.
2024/2025 oʻquv yilida maktablarda oʻquvchilar uchun majburiy forma joriy etilmaydi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqarma boshligʻi Azamat Kamolov maʼlumot berdi.
“Har yili har bir maktab tomonidan oʻz nizomi boʻyicha belgilangan forma tanlab olinadi. Hozirga qadar oʻquvchilar bir xil forma kiysin, degan qattiq talab qoʻyilmadi. Demak, bu yili ham maktablarda majburiy forma joriy etilmaydi”, — dedi u.
Qayd qilinishicha, “Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari”ga muvofiq, oʻquvchilarning taʼlim muassasasi ustavida man etilgan libos va qiyofada, jumladan oʻgʻil bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qizlar tor va tanani ochiq koʻrsatuvchi yupqa, harir kiyimlarda kelishi hamda boʻyni va barmoqlariga turli taqinchoqlar taqishi man etiladi.
Taʼkidlanishicha, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan olib borilgan oʻrganishlar va tahlil natijalariga koʻra, yagona maktab formasi maktab oʻquvchilari (ularning ota-onalari) oʻrtasida kiyinish boʻyicha raqobatni cheklaydi, turli xil ijtimoiy-iqtisodiy toifadagi oilalar farzandlari orasida tabaqalanishning vizual farqini keskin kamaytiradi.