Markaziy bank asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga pasaytirdi
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgiladi. Ushbu qaror inflyatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligini inobatga olib qabul qilingan.
Markaziy bank boshqaruvi 2024-yil 25-iyuldagi yigʻilishida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasi davom etib, iyunda 5,9 foizga teng boʻlgan va yil boshidan 2,6 foiz bandga pasaygan. Bu energiya tariflari oʻzgarishining ikkilamchi taʼsiri kutilganidan past boʻlgani bilan izohlanib, inflyatsiyaning kelgusida ham pasayuvchi trendining davom etishiga ishora beradi.
Joriy yilning II choragida iqtisodiyotga turli kanallar orqali valyuta oqimining sezilarli oshishi kuzatilib, soʻm almashuv kursining barqarorlashishiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.
Tadbirkorlarning iqtisodiy faolligi va ishbilarmonlik kayfiyati boʻyicha indekslarda soʻnggi ikki oyda nisbatan pasayish kuzatilgan boʻlsa-da, ijobiy natijalar saqlanib qolmoqda.
Joriy yildagi bazaviy inflyatsiya tendensiyasi va inflyatsion omillar taʼsirining kutilganidan pastroq boʻlishi hisobiga inflyatsiya prognozi pasayish tomonga qayta koʻrib chiqildi. Yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9 foiz atrofida shakllanishi (apreldagi prognoz 9-11 foiz edi) va 2025-yil oxirida 5 foizlik target darajasiga yaqinlashishi kutilmoqda.
“Asosiy stavkaning 0,5 foizga pasaytirilishi qayerda aks etadi desak, birinchi navbatda asosiy stavka bilan bogʻliq, oʻzgaruvchan foizlarda ajratilgan kreditlarga taʼsir qiladi. Bu bevosita taʼlim krediti, imtiyozli ipoteka krediti, oilaviy tadbirkorlik boʻyicha asosiy stavkaga bogʻlab ajratilgan kreditlarda oʻz aksini topadi.
Ikkinchi juda taʼsirini tez koʻradigan jarayonimiz bu – Markaziy bank bilan boʻladigan pul bozoridagi operatsiyalar bilan bogʻliq. Bizning repo, overnight operatsiyalarimiz, depozit operatsiyalarimizda bu albatta oʻz aksini topadi. Endi bevosita pul bozoriga keng maʼnodagi taʼsiri, jahon tajribasida ham shu narsa bor, II chorakdan VI chorakkacha choʻzilishi mumkin. Yaʼni bozor stavkalarida belgilangan kreditlar boʻyicha.
Yana bir narsani aytaman, kredit foizini asosiy stavkaga bevosita bogʻlab qoʻyish birmuncha notoʻgʻri. Chunki har bir qarz oluvchi bilan bank oʻrtasidagi munosabatlar qarz oluvchining layoqatliligi darajasidan kelib chiqib belgilanadigan jarayon”, — dedi MB raisi Mamarizo Nurmurodov.