РУ
O’Z
UZS
/
/
Moʻgʻul askarlari safarga otlardan boshqa hech narsa olib ketmagan boʻlsa, yoʻlda nima bilan oziqlangan?
21.09.2024

Moʻgʻul askarlari safarga otlardan boshqa hech narsa olib ketmagan boʻlsa, yoʻlda nima bilan oziqlangan?

Moʻgʻul askarlari safarga otlardan boshqa hech narsa olib ketmagan boʻlsa, yoʻlda nima bilan oziqlangan?

Moʻgʻul-tatar yurishlarida qatnashgan qoʻshinlarning soni hozirga qadar aniq emas. Rus yilnomalarida tatar qoʻshinlari “oʻrda”, “tuman” deb atalib, koʻpincha bosqinchilar soni ancha oshirib koʻrsatilgan. Moʻgʻullar oʻzlari hech qanday yilnoma yuritmagan, shu bois bizgacha yetib kelgan maʼlumotlarning barchasi ularga dushman boʻlgan xalqlarning guvohliklaridan iborat boʻlib, bularni shubha ostiga olish mumkin.

Rus yilnomalarida chet ellik bosqinchilar soni nima uchun boʻrttirib koʻrsatilganini tushuntirish oson. Gʻalaba qozonilsa, koʻp sonli dushmanlar uning ahamiyatini oshirardi, magʻlubiyatda esa muvaffaqiyatsizlikni oqlardi. Hozirgi kunda koʻchmanchilar qoʻshinining taxminiy soni otlarga qishda kerak boʻladigan yem-xashak miqdoriga qarab hisoblanadi. Ammo baʼzan moʻgʻul-tatarlarning uzoq safarlarda nima bilan oziqlanganini aniqlash qiyin, chunki ular oʻzlari bilan otlardan boshqa hech narsa olmagan.

Sayohatchi Marko Poloning qaydlari

Tatar bosqinlari paytida koʻplab rus yilnomalari yoʻq qilingan. Biroq saqlanib qolgan manbalarda ham dushmanlarning nima bilan oziqlangani, safarga qanday tayyorgarligi va xoʻjaligini qanday yuritgani haqida ishonchli maʼlumotlar yoʻq. Ammo Yevropa mualliflari asarlarida bu haqda maʼlumotlar uchraydi. Masalan, venetsiyalik sayyoh Marko Polo moʻgʻul-tatarlar orasida ancha vaqt yashab, oʻz asarlarida koʻchmanchi jangchilarning turmush tarzini batafsil tasvirlagan.

Marko Poloning taʼkidlashicha, agar yurish qisqa muddatli, yaʼni 10 kundan oshmasa, moʻgʻullar butunlay quruq holda yoʻlga chiqishi mumkin edi.

Yoʻlda suv manbalari topilmasa, ular otlarning boʻyinturuq venasini kesib, ot qonini ichishgan. Ovqat esa faqat sutdan iborat boʻlib, uni pasta holatiga kelguncha qayta-qayta aralashtirishgan: natijada u juda quyuq va toʻyimli taom boʻlgan.

Sayohatchi bu mahsulotni tasvirlab bergan, ammo uning pishloqqa oʻxshashligini aytmagan. Albatta, italiyalik tarixchi pishloq nima ekanini yaxshi bilgan. Biroq oʻz yozuvlarida u aynan quyuq sut massasi haqida gapirib, uni pishloq bilan bogʻlamagan. Ehtimol, bu hozirgi Markaziy Osiyoda tayyorlanadigan qurutga oʻxshash taom boʻlgan.

Marko Poloning yozishicha, moʻgʻullar bunday “quruq oziq-ovqat”ni oʻzlari bilan olib, kuniga bir funtdan isteʼmol qilgan. Ammo bu mahsulot qanchalik toʻyimli boʻlmasin, katta yoshli erkak uchun baribir yetarli boʻlmagan boʻlishi mumkin. Uzoq safarlarga kelganda, Polo yozuvlarida moʻgʻullar yaqinda qulunlagan biyalarni oʻzlari bilan olib ketishgani va yoʻlda ularning sutini ichishgani aytilgan. Bundan tashqari, ular yoʻlda uchragan barcha hayvon va qushlarni ovlashgan.

Goʻshtli taomlarga odam goʻshti ham kiritilganmi?

Moʻgʻullar qoʻlida asirlikda boʻlgan Kirakos Gandzaketsining taʼkidlashicha, ular ot goʻshtini yaxshi koʻrishgan, ammo boshqa turdagi goʻshtlardan ham hazar qilishmagan. Marko Poloning vatandoshi, italiyalik Jovanni Plano Karpini Moʻgʻulistonga diplomatik vazifa bilan tashrif buyurgan, soʻngra dahshatga tushib, moʻgʻullar tarixi haqida asar yozgan. Uning soʻzlariga koʻra, tatarlar din bilan bogʻliq hech qanday taqiqni bilishmas ekan, yaʼni ular choʻchqa, it, sigir, ot, tulki va boʻri goʻshtlarini bemalol yeyaverishgan.

Eng muhimi, kuchli ochlik yuz berganda, koʻchmanchilar oʻlgan hayvonlar va hatto odamlarning jasadlarini ham yeyishdan tortinmagan. 

Karpinining aniqlashtirshicha, moʻgʻullarda non, koʻkatlar va sabzavotlar boʻlmagan. Ularning asosiy ozuqasi goʻsht boʻlgan. Ammo koʻchmanchilar shunchalik kam ovqat yeyishganki, agar boshqa xalqlar shunday ovqatlanganda, ular ochlikdan oʻlib ketishlari mumkin edi.

Jan de Juanvilning xotira yozuvlarida “tatarcha bifshteks” retsepti keltirilgan. Uning yozishicha, koʻchmanchilar ertalab xom goʻshtning bir boʻlagini otning yelkasiga qoʻyib, egar bilan yopib qoʻyishgan. Goʻsht kun boʻyi ot teriga botib, shoʻr taʼm olardi. Shu bilan birga u yumshab, kun boʻyi silkinib, “yumshoq goʻsht”ga aylanardi. Kechqurun tatarlar bunday hoʻl “bifshteks”ni egar ostidan olib, ishtaha bilan yeyishardi.

Askarlar rostan ham odamxoʻr edimi?

Moʻgʻul-tatar bosqinchilari orasidagi odamxoʻrlik haqida boshqa zamondoshlar ham yozishgan. Masalan, fors tarixchisi Rashid ad-Dinning “Yilnomalar toʻplami” asarida Chingizxonning oʻgʻillaridan biri Toʻluyning Xitoyga yurishi paytida jangchilar shunchalik och qolishganki, ular pichan, yoʻlda halok boʻlgan oʻrtoqlarining jasadlari va oʻlgan otlarning goʻshtini yeyishgan. Shunday boʻlsada, ular kuchlarini saqlab qolib, Xitoy imperatori qoʻshinini muvaffaqiyatli tor-mor keltirishga erishgan.

Toʻgʻri, koʻchmanchilar orasidagi qonxoʻrlik va odamxoʻrlik haqidagi bunday mish-mishlar “dezinformatsiya” boʻlishi mumkin. “Botiy” kitobining muallifi, tarixchi A. Karpov bu hikoyalar odamlarda haqiqiy qoʻrquv uygʻotganini, bu qoʻrquv esa, maʼlumki, jang boshlanishidan oldin ham shahar darvozalarini ochib, dushmanlarni choʻchitishini yozadi. Buning ustiga, koʻchmanchilarga bevosita yaqin yashovchi va ularning urf-odatlarini bilgan xalqlar ularning odam goʻshti yeyishiga ishonmaganlar. Ammo koʻchmanchilar taomnomasida itlar va otlarning qoni boʻlishi ehtimoldan xoli emasdi.

Asta-sekin ratsionga guruch, tariq va bugʻdoy kiritildi

Moʻgʻullarning oziq-ovqati haqida Xitoyning shimolidagi dashtlarga tashrif buyurgan eng yaqin qoʻshnisi, xitoy diplomati Chjao Xun shunday taʼriflagan: “Tatarlar oʻz yerlaridan chiqayotganda, yoʻlda uchragan barcha qoʻylarni yeb qoʻygan. Keyin bugʻular, quyonlar va toʻngʻizlarni ovlashga kirishishgan. Shu bilan birga, hatto bir necha ming kishilik qoʻshinlarda ham olov yoqilmaydi, tutun koʻrinmaydi. Ammo soʻnggi yillarda tatarlar Markaziy Davlat aholisini oʻzlariga qul qilib olmoqda. Qullar faqat non bilan tirikchilik qiladi. Shu sababli tatarlar bosqinchilik paytida guruch va bugʻdoy olib, ulardan boʻtqa pishirib bera boshlashgan. Ularning yurtida baʼzi joylarda qora tariq oʻsadi, undan ham boʻtqa tayyorlashadi”. Bundan koʻrinadiki, hatto xitoylik asirlar ham tatarlarning ortiqcha oqsilli ovqatlarini isteʼmol qila olmasdi, uzoqroq yashagan xalqlar haqida gapirmasa ham boʻladi.

XIII asrda yashagan arxidiakon Foma Splitskiy oʻz asarlarida tatar jangchilarining chidamliligiga, shuningdek, ularning otlarining kamtarligiga qoyil qolgan. Uning yozishicha, bu koʻchmanchi xalqlar oziq-ovqat haqida qaygʻurmasdan, talon-toroj qilingan narsalar bilan oziqlanardi. Ular non yemaydi, undan yuz oʻgirib, goʻsht, ot qoni va qimizni afzal koʻradi.

Zamonaviy tadqiqotchi, amerikalik antropolog Jek Uezerfordning taʼkidlashicha, aynan oqsilli oziq-ovqat moʻgʻul jangchilarini shunchalik chidamli qilgan va ularning istilolari muvaffaqiyatiga bilvosita sabab boʻlgan. Goʻsht bilan oziqlangan jangchilar non bilan oziqlanganlarga qarshi muvaffaqiyatli kurashganlar. Oqsilli oziq-ovqat tatarlarning sogʻligʻini saqlab turgan va baquvvat jangchilar 10 kungacha egarda yurishlari mumkin boʻlgan, faqat 4-5 soat uxlash uchun toʻxtab. Oʻtroq xalqlarning donli ozuqasi esa, aksincha, ularning tishlarini yemirgan, suyaklarining oʻsishini sekinlashtirgan, bu esa odamlarni zaifroq qilib, qarilikni tezroq yaqinlashtirgan.

Xoʻsh, moʻgʻul-tatarlar yurishlarda aynan nima bilan oziqlangan?

Bu maʼlumotlarning har biri moʻgʻul-tatarlarning yurish vaqtidagi ovqatlanishi toʻgʻrisida yetarlicha toʻliq javob bermaydi. Ammo bularning barchasini birlashtirib, tahlil qilib, zamonaviy moʻgʻullarning ovqatlanishi haqidagi maʼlumotlarni qoʻshsak, koʻp narsa oydinlashadi.

Osiyoda hali ham koʻchmanchi xalqlar yashaydi. Moʻgʻuliston aholisining aksariyat qismi biz kabi uy va kvartiralarda yashamaydi, balki oʻtovlarda hayot kechiradi, doimo bir yaylovdan boshqasiga koʻchib yuradi. Hatto bizning davrimizda ham koʻchmanchilarning eng asosiy oziq-ovqatlaridan biri — bu bortsdir.

U juda oddiy tayyorlanadi: goʻsht toʻgʻralgandan soʻng yangi goʻsht 2-3 sm qalinlikdagi ingichka tasmalar qilib kesiladi va oʻtovning shifti ostidagi ipga osib qoʻyiladi. Goʻsht choʻl havosida tez quriydi. Bir oydan keyin u butunlay suvsizlanadi, bir necha marta kichrayadi, quriydi, daraxtdek qattiq boʻlib qoladi. Natijada shoʻrvaga qoʻshiladigan oʻziga xos qattiq qirindi hosil boʻladi. Bu bortslar oz vaznga ega va yurish uchun oziq-ovqatning ideal variantidir: shunchaki suvni qaynatib (xom suv ham boʻlaveradi) va unga bir hovuch bors tashlash kerak. Goʻshtli shoʻrva hosil boʻladi.

Marko Polo koʻchmanchilarning otlari juda koʻp boʻlganini toʻgʻri taʼkidlagan. Lekin u ot goʻshti va qimiz nafaqat moʻgʻullar, balki Oʻrta va Markaziy Osiyoning boshqa xalqlari uchun ham asosiy oziq-ovqat manbai ekanligini aytmagan. Qoʻy goʻshti ham juda mashhur boʻlib, hozirda ham Oʻzbekiston yoki Tojikiston bozorlarida eng qimmat goʻsht hisoblanadi.

Otlar safarga nega kerak edi?

Koʻpchilik koʻchmanchilar safarga chiqayotganda oʻzlari bilan 8 tagacha ot olishgan. Hayvonlarning soni shunchalik koʻpligini va qishda hayvonlar uchun ham, odamlar uchun ham ozuqa kamligini hisobga olsak, hammasi tushunarli boʻladi. Tatarlar qishni ot goʻshti hisobiga oʻtkazishga harakat qilib, bir yoʻla ikki masalani: oʻzlari uchun oziq-ovqat va otlar uchun yem-xashak topish masalasini hal qilgan. Yaʼni, otlar otliqlarni, qurol-yarogʻ va oʻlja mollarni tashigan, shu bilan birga oʻzlari ham oziq-ovqat manbai boʻlgan. Shuning uchun ham tatarlar safarda uchragan otlarni tiriklayin qoʻlga olishga intilgan.

Koʻchmanchilar oʻz podalarida nafaqat ot, sigir va qoʻylar, balki echki va tuyalar ham koʻp boʻlgan. Tatar jangchilari faqat goʻsht yeyishgan, degan fikr unchalik toʻgʻri emas. Ha, koʻchmanchi xalqlar qishda goʻsht mahsulotlari bilan oziqlangan. Bundan tashqari, undan zaxira oziq-ovqat tayyorlashgan: kolbasa dudlashgan, goʻshtni bortsdek quritishgan.

Bahorda, yozda, erta kuzda esa sut va sut mahsulotlari asosiy oziq-ovqat boʻlgan. Moʻgʻullar ot sutidan 20 dan ortiq mahsulotni, shu jumladan uzoq vaqt saqlash uchun ham tayyorlashni oʻrgangan. Shuning uchun moʻgʻul askarlarining safar xurjunlarida “qora kunlar” uchun qurut, borts va ozgina sariyogʻ kabi oziq-ovqatlar boʻlishi mumkin edi.

Moʻgʻullar oʻz oziq-ovqatlarining barcha turlarini bevosita safar sharoitida tayyorlaganlar. Biyalarning ichilmagan sutini qimizga aylantirib, undan qurut tayyorlashgan. Yarador yoki juda charchagan hayvonlarni deyarli darhol soʻyib yeyishgan. Bordi-yu, jang maydonida otlarning oʻligi qolgan boʻlsa, ularni yigʻib olib, borts tayyorlashgan. Bu oziq-ovqatlar moʻgʻul qoʻshinlariga yurishlarda bir necha oy davomida yetgan. Keyin oʻz hududlariga qaytib, yangi istilolarga tayyorgarlik koʻrishgan.