Olimpiadachi Sitora Turdibekovaga 1 xonali uy sovgʻa qilindi
Parij-2024 yozgi Olimpiada oʻyinlarida qatnashgan bokschi Sitora Turdibekovaga 1 xonali uy sovgʻa qilindi. Xonadon tadbirkor tomonidan berilgan. Sportchi jinsi bahs-munozaralarga sabab boʻlgan tayvanlik bokschi Lin Yu Ting bilan jang qilib, yutqazgandi.
Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida yashovchi Sitora Turdibekova Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtiroki uchun tumanida 1 xonali uy va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Bulungʻur hokimligi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, xonadon hokimlik mablagʻlari hisobidan emas, balki tadbirkor tomonidan hadya qilingan. Tuman maʼmuriyati sportchi va uning murabbiyiga esdalik sovgʻalari berish bilan cheklangan.
“Musobaqa juda yaxshi oʻtdi. Yashi tayyorgarlik koʻrib, natija qilish uchun borgan edik, ammo nasib qilmadi. Xudo xohlasa, keyingi musobaqalarda natija qilamiz, degan umiddamiz”, — dedi sportchi.
Sitora Turdibekova 2019-yildan buyon milliy terma jamoa aʼzosi hisoblanadi. U 2021-yil kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritgan. 2022-yil Toshkentda oʻtgan U-22 qitʼa birinchiligida bronza, 2023-yil Bangkok mezbonlik qilgan ayni shu toifadagi chempionatda esa kumush medal sohibiga aylangan. Koʻrsatgan natijalari evaziga “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Bokschi Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida 57 kg vazn toifasida ilk bahsini kongolik Marselat Sakobi Matshuni bilan oʻtkazib, uni 3:2 hisobida yenggan. Soʻngra 1/8 finalda ikki karra jahon chempioni Xitoy Taypeyi vakili Lin Yu Tingga qarshi jang qilgan, biroq imkoniyatni boy berib (5:0), Olimpiadadagi ishtirokini yakunlagan.
Lin Yu Ting finalda polshalik Yuliya Sheremetani magʻlubiyatga uchratib, oltin medalni qoʻlga kiritgan. Chempionlik sari yoʻlda u va jazoirlik boshqa bokschi goʻyoki erkak boʻla turib, ayollar bilan bellashganlikda ayblana boshlandi. Internetda hanuz uning jinsi haqidagi bahs-munozaralar davom etmoqda.