/
/
Oliygohga kirish imtihonlari 14-iyuldan boshlanadi
11.07.2024

Oliygohga kirish imtihonlari 14-iyuldan boshlanadi

Davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari 14-iyuldan 28-iyulga qadar oʻtkaziladi. Mandat esa 21−22-avgustda eʼlon qilinadi.

Oliygohga kirish imtihonlari 14-iyuldan boshlanadi

2024-2025-oʻquv yilida oliy va professional taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish test sinovlari 14-iyuldan boshlanadi.

Test sinovlari kuniga 2 smenada tashkil etiladi. 1-smena soat 08:00 da, 2-smena 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan test sinovlari boshlanishidan kamida bir yarim soat oldin belgilangan hududga yetib kelishlari talab etiladi.

Test sinovlarida ishtirok etish uchun onlayn roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi” my.uzbmb.uz sayti orqali  berilmoqda.

Test sinovlari boshlanishiga sanoqli kunlar qolganligi bois abituriyentlardan oʻzlariga tegishli “Abituriyent ruxsatnomasi”ni yuklab olishlarini hamda chop etib qoʻyish soʻralgan.

Abituriyentlar ruxsatnomada belgilangan manzildagi binoda, koʻrsatilgan sanada va smenada test sinovlarida ishtirok etadi. Abituriyentlarga boshqa hudud, kun va smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat etilmaydi.

Abituriyentlar test sinoviga pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishlari lozim. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.