Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritildi
Ular fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va bunday tadbirlar vaqtida favqulodda vaziyatlarning oldini olishga doir chora-tadbirlarni kuchaytirishga qaratilgan.
Vazirlar Mahkamasi ommaviy tadbirlar oʻtkazishda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va favqulodda vaziyatlarning oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qildi.
Qayd etilishicha, ayrim ommaviy tadbirlarni oʻtkazish jarayonida ishtirokchilar “jamoat xavfsizligiga va fuqarolar xavfsizligiga xavf soluvchi” xatti-harakatlarni koʻpaytirmoqda.
Qoidalarga kiritilgan oʻzgartirishlar quyidagilarni nazarda tutadi:
- ommaviy tadbirlarni oʻtkazish obyektini tanlashda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, ularga tahdid soluvchi vaziyatlarda fuqarolarning evakuatsiyasini samarali tashkil qilish uchun sharoitlar mavjudligini hisobga olish;
- tomoshabinlar va boshqa ishtirokchilarni favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya qilish tartibi, yoʻllari va yoʻnalishlari toʻgʻrisida xabardor qilish;
- obyektga kirish-chiqish xavfsizligini, obyektga borish va kirish joylarida avtomobillar harakatini cheklaydigan fizik toʻsiqlar oʻrnatilishini taʼminlash.
Endi zarurat boʻlganda, ommaviy tadbirlar oʻtkazilishini nazorat qilish komissiyasi ommaviy tadbirni tashkil etish va oʻtkazish davrida muhandis-texnik kommunikatsiyalar xavfsiz ishlashini, energiya taʼminoti va yongʻin xavfsizligini, yoʻl harakati xavfsizligi, ishtirokchilarning evakuatsiya qilinishini va favqulodda vaziyatlarning oldi olinishini taʼminlash guruhlarini tashkil etishi mumkin.
Ishchi guruh nafaqat ob-havo sharoitiga qarab, balki xavfli tabiat hodisalari va texnogen avariyalarning yuzaga kelishi prognozlarini ham tekshirishi kerak.
Ommaviy tadbir tashkilotchisi favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralarini koʻrishi, bunday tahdidlar mavjud boʻlganda esa fuqarolarni samarali evakuatsiya qilish uchun sharoit yaratishi shart.
Ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan joy maʼmuriyati vahima koʻtarilishi va evakuatsiyani qiyinlashtiruvchi boshqa xatti-harakatlar amalga oshirilishining (oʻtish joylarida, eshiklar oldida, zinalarda va boshqa joylarda odamlarning toʻplanib qolishi) oldini olishga qaratilgan matn ishlab chiqilishini hamda favqulodda vaziyatlarda xabar berish tizimi orqali uzatib borilishini taʼminlashi shart.