РУ
O’Z
UZS
/
/
“Onasini emsin”: Reklama kampaniyasi shov-shuvlarga sabab boʻldi
31.07.2024

“Onasini emsin”: Reklama kampaniyasi shov-shuvlarga sabab boʻldi

“Onasini emsin”: Reklama kampaniyasi shov-shuvlarga sabab boʻldi

Har yili 1−7-avgust kunlari Butunjahon emizish haftaligi nishonlanadi. Uning maqsadi koʻkrak suti bilan boqishning foydalari va amaliyotlari toʻgʻrisida maʼlumot tarqatish va onalarni bolalarini tugʻilganidan kamida olti oylik boʻlguniga qadar hech qanday qoʻshimcha oziqlantirishsiz, faqat koʻkrak suti bilan boqishga undashdan iborat.

Oʻzbekistonda sut oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish qonun hujjatlarida taqiqlanganiga qaramay, aralashmalar reklamasi va ularni internetda targʻib qilish davom etmoqda, bu esa ona suti oʻrnini bosuvchi mahsulotlarga boʻlgan talabni sunʼiy ravishda oshirishga xizmat qilmoqda.

Strategik islohotlar agentligining Natijaga erishish idorasi (Delivery Unit) tashabbusi bilan ona suti bilan boqishning afzalliklari haqida axborot kampaniyasi oʻtkazildi.

Aksiya chaqaloq va ona uchun koʻkrak suti bilan boqishning foydalari haqidagi bilimlarni oshirish, yangi ota-onalarni emizishni boshlash va davom ettirishga ragʻbatlantirish hamda muvaffaqiyatli emizish uchun resurslardan foydalanish va qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashga qaratilgan.

Axborot kampaniyasining maqsadli auditoriyasi yosh ota-onalar boʻlgani sababli uning elementlaridan biri “Onasini emsin — bu soʻkinish emas, shifokorlar tavsiyasi” soʻzlari yozilgan tizer bannerlari boʻldi. “Onasini emsin” iborasi, boshqa maʼnolarni ham beradi, masalan: “Bola onasini emsin, hech boʻlmasa 6 oy, qoʻshimchalarsiz”.

“Maqsad — aslida maʼnosi yaxshi boʻlgan, ammo jamoatchilik ichida haqorat sifatida ishlatiladigan iborani oʻzining asl maʼnosiga qaytarish va ona suti bilan boqishni targʻib qilish”, — deyiladi Delivery Unit xabarida.

Bannerlar tarqatilgan paytdan boshlab 24 soatdan kamroq vaqt ichida kampaniya, idora hisob-kitoblariga koʻra, 1 milliondan ortiq faol auditoriyani qamrab oldi.

Axborot kampaniyasi doirasida 1−7-avgust kunlari yosh auditoriya eʼtiborini jalb qilish maqsadida ijodiy tadbirlar ham oʻtkaziladi:

  • ijtimoiy tarmoqlardagi qisqa videolar: onalar uchun ovqatlanish boʻyicha mutaxassislar va shifokorlar ishtirokida tayyorlangan koʻrsatmalar;
  • mijozlar eʼtiborini emizish foydalariga qaratish uchun chakana savdo doʻkonlaridagi javonlarda reklama;
  • tibbiyot muassasalarida tashviqot ishlarini olib borish;
  • Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining ultratovush tekshiruvi xonalarida “bolaning ota-onalarga murojaati” tashkil etiladi, unda bola ota-onasidan uni ona suti bilan boqishni soʻraydi.

Koʻkrak suti bilan boqishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha maslahatchi ayollar malakasini oshirish ham oʻtkazildi va emizish boʻyicha ishonch telefoni tashkil etildi. Yangi tugʻilgan onalar oʻzbek va rus tillarida emizish boʻyicha savollarga javob va koʻrsatmalar olishlari mumkin. 

Maslahat markazining telefon raqami: +998−55−517−10−03. JSST va UNICEFning 1990-yilda qabul qilingan deklaratsiyasi asosida har yili 1−7-avgust kunlari 150 dan ortiq mamlakatlarda emizishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha axborot kampaniyasi oʻtkaziladi.