РУ
O’Z
UZS
/
/
“One Direction”ning sobiq aʼzosi Liam Peyn vafot etdi
17.10.2024

“One Direction”ning sobiq aʼzosi Liam Peyn vafot etdi

“One Direction”ning sobiq aʼzosi Liam Peyn vafot etdi

“One Direction” guruhining sobiq aʼzosi Liam Peyn vafot etdi. Uni Buenos-Ayresda jonsiz holda topishgan, deb xabar bermoqda Reuters. Musiqachi 31 yoshda edi.

Liamning jasadi u istiqomat qilgan mehmonxona yaqinidan topildi. Peyn binoning uchinchi qavatidan yiqilib tushganidan soʻng vafot etgan. Uning nima sababdan balandlikdan qulagani nomaʼlum.

Tez yordam xodimlarining aytishicha, musiqachi “tirik qolish ehtimoli past boʻlgan juda ogʻir tan jarohatlari olgan”. Peyn shifokorlar yetib kelishidan oldin jon bergan.

Politsiya voqea joyiga mehmonxona boshqaruvchisining chaqiruvi boʻyicha yetib kelgan. U mehmonxona hududida tajovuzkor erkak borligini va u giyohvand modda yoki alkogol taʼsirida boʻlishi mumkinligini maʼlum qilgan.

Liam Peyn 1993-yil 29-avgustda Buyuk Britaniyada tugʻilgan. U 16 yoshida “The X Factor” telekoʻrsatuvida qatnashgan, shundan soʻng “One Direction” yigitlar guruhining aʼzosiga aylangan. Guruh tarkibiga Zeyn Malik, Garri Staylz, Nayl Xoran va Lui Tomlinson ham kirgan.

Peyn 2017-yilda oʻzining birinchi yakka “Strip That Down” qoʻshigʻini, 2019-yilda esa 17 ta qoʻshiqdan iborat birinchi yakka “Ip1” albomini chiqargan. Musiqachidan yetti yashar oʻgʻli qoldi.