Onlayn kredit ajratishda vaqtinchalik tartib joriy qilinmoqda
Unga koʻra, endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish boʻyicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan oʻtishi talab etiladi.
Markaziy bank kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga onlayn kredit ajratish jarayonida bank kartalari bilan bogʻliq shubhali frod operatsiyalarining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik tartibni joriy qilmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur tartib 2024-yilning 1-noyabridan 2025-yilning 1-apreliga qadar amal qiladi. Unga koʻra, endilikda fuqarolardan ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan oʻtishlari talab etiladi.
Bu talabgorning arizani shaxsan oʻzi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga aniqlik kiritish imkonini beradi.
Vaqtinchalik tartibga koʻra, kredit tashkilotlari fuqaro kredit olish uchun ariza yuborganidan keyin uning kredit byurolari maʼlumotlar bazasidagi kredit tarixini 2 bosqichda (ariza tushgandan soʻng hamda kredit mablagʻlari ajratilishidan oldin) tekshirishdan (skoring) oʻtkazadi.
Tekshiruv natijasida mijozning salbiy kredit tarixi yoki qarz yuki keskin oshgani aniqlansa, qisqa davr ichida bir nechta kredit rasmiylashtirilgan va qarz yuki keskin oshgan boʻlsa, kredit ajratish rad etilishi yoki boshqa summada ajratilishi toʻgʻrisida xabar beriladi.