Oʻzbekiston fazo shartnomasiga qoʻshilmoqda
Dunyoning barcha yetakchi va koʻplab rivojlanayotgan davlatlari tomonidan kosmik fazoni oʻrganish va undan foydalanish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilib, kosmik salohiyatdan iqtisodiy, mudofaa, texnik, ilmiy, ijtimoiy, madaniy va xalqaro manfaatlarni amalga oshirish uchun foydalanib kelinmoqda.
Senatning 55-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining davlatlarning kosmik fazoni tadqiq qilish va foydalanish, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlari faoliyat prinsiplari toʻgʻrisidagi Shartnomaga qoʻshilishi toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro arenada rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, mustahkamlash, xalqaro huquq normalariga muvofiq milliy manfaatlarini hisobga olgan holda kosmik faoliyatni amalga oshirish, shuningdek, texnologiyalar transferini jadallashtirish maqsadida xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlishi hamda xalqaro huquq normalariga asoslangan hujjatlarni qabul qilishi yoki qoʻshilishi dolzarb masalalardan biriga aylangan.
Taʼkidlanishicha, shartnoma 1967-yil 10-oktyabrda kuchga kirgan va 2024-yil holatiga koʻra, unga 114 ta mamlakat qoʻshilgan. Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekistonning kosmik fazoni tadqiq qilish va undan foydalanish, kosmosning barcha hududlari va osmon jismlariga erkin kirish, shuningdek, xalqaro kosmik loyihalarda, resurslar va bilimlar almashinuvida qatnashish imkoniyatlarini ochib beradi.