O‘zbekiston hududida qanday dinozavrlar yashagan
Zamonaviy O‘zbekiston hududida dinozavr izlari hanuz topilmoqda. Ammo paleontologik topilmalarning asosiy qismi o‘tgan asrning 60-yillariga to‘g‘ri keladi.
Dinozavr izlari va qoldiqlari qaysi hududlarda topilgan?
Qashqadaryo viloyatining Kitob qo‘riqxonasida;
Surxondaryo viloyati Boysun tumani;
Turkmaniston chegarasida;
Qizilqum cho‘lida.
Qizilqum cho‘lini hatto “dinozavrlar qabristoni” deb ataydilar. Tuproqning o‘ziga xos xususiyatlari tufayli bu yerda tarixdan oldingi umurtqali jonzotlarning ko‘plab qoldiqlari saqlanib qolgan.
Proheneozavr – eng ahamiyatli topilma
1961-yilda Toshkent davlat universiteti geologi, dotsent I.A. Belenkiy o‘z talabalari bilan birgalikda Toshkent shahridan 45 km shimolda proheneozavr suyaklarini topgan. Uning jag‘i o‘rdakniki kabi bo‘lgani uchun uni yana o‘rdaksimon o‘txo‘r dinozavr deb ham ataydilar. Uning old panjalari esa inson oyoqlariga o‘xshaydi.
Suyaklarning 70 foizga yaqini saqlanib qolgani tufayli olimlar ushbu turdagi dinozavrning aniq skeletini yig‘ish imkoniga ega bo‘ldi. Bu topilma nafaqat Markaziy Osiyo uchun, balki o‘sha davrda butun Sovet Ittifoqi uchun ham eng katta topilma hisoblanar edi.
Proheneozavrlar taxminan 95 million yil oldin mavjud bo‘lgan. Toshkent proheneozavrining balandligi 2,15 metr atrofida, uzunligi esa 3,75 metrni tashkil etgan.
Ulug‘bezavr
Yaponiyalik olimlar Ulug‘begzavrlar qoldiqlarini O‘zbekiston hududida topgan. Bu sudralib yuruvchilar “dinozavrlar podshosi” nomi bilan tanilgan tirannozavrdan 7 million yil oldin yashagan. Ushbu ulkan jonzotning batafsil tavsifi “Royal Society Open Science” jurnalida keltirilgan. Uning og‘irligi bir tonnadan ortiq bo‘lib, uzunligi sakkiz metrga yetgan. Uning 15 santimetr uzunlikdagi tishlari oq akula tishiga o‘xshab ketgan. U karharodontozavrlar guruhiga tegishli bo‘lib, ularning o‘ziga xos xususiyati akulaniki kabi tishlarga ega ekani bo‘lgan.
Ulug‘begzavr Osiyoning eng g‘arbiy qismida joylashgan qirg‘oq bo‘yi tekisligida yashagan. Bugungi kunda u Qizilqum cho‘li hududidagi joydir.
Zamonaviy O‘zbekiston hududiga juda yaqin ko‘plab dinozavr qoldiqlari topilgan, deb yozadi gazeta.uz.
Karnozavr
Ularning izlari va qoldiqlari paleontolog Anatoliy Rojdestvenskiy tomonidan XX-asrning 60-yillari, O‘zbekistondan 100 km uzoqlikda, Tojikiston hududida topilgan. Bu esa dinozavrlar O‘zbekiston hududida ham yashaganiga ishonishga sabab bo‘ladi, chunki masofa juda qisqa.
Karnozavrlar – Yura davridan Bo‘r davrigacha yashagan yirik yirtqich dinozavrlar. Paleontologlar 1990-yillardan boshlab eng yirik yirtqich hayvonlardan biri bo‘lgan giganotozavr va tirannotitan kabi karharodontozavridlarning qoldiqlarini aniqlashdi.
Selurozavr
Selurozavrlar Yura davrining o‘rtalarida paydo bo‘lgan. Dastlab ular kichik, faol yirtqichlar edi, ammo vaqt o‘tishi bilan ularning avlodlarining yirtqichlik xususiyatlari ancha kamaygan. Zamonaviy qushlar ularning avlodlari hisoblanadi.
Stegozavr
Stegozavrlar – Yura davrda taxminan 150 million yil oldin yashagan yirik o‘txo‘r dinozavrlar. Ular o‘rmon va ochiq joylarda yashab, to‘rt oyoqda harakatlangan. Og‘irligi jihatidan stegozavrlar zamonaviy fillar va karkidonlar bilan taqqoslanadi.
Ularning beli va dumida tikanlari va suyak plitalari bor edi. Stegozavrlarning kichik boshi, uzun bo‘yni va katta jag‘i bor edi.
Iguanodon
Iguanodonlar – taxminan 140-120 million yil ilgari keng tarqalgan yirik dinozavrlardir. Ular suv havzalari yaqinida zich chakalakzorlarda yashab, ham to‘rt, ham ikki oyoqda harakatlanishi mumkin edi.
Zauropod
Yura davridan Bo‘r davrigacha (taxminan 200-85 million yil oldin) barcha qit’alarda yashagan to‘rt oyoqli o‘txo‘r dinozavrlarning katta guruhi. Guruhga 130 ga yaqin tur, 70 ta qavm va 13 tagacha oila kirgan. Eng taniqli zauropodlarga diplodoklar, brahiozavrlar, apatozavrlar va uzunligi 36 metrgacha yetadigan seysmozavrlar kiradi. O‘sh zauropodining uzunligi 20 metr bo‘lgan.
Zauropodlar nisbatan kichik bosh suyagi, katta tanasi va ba’zi turlarda 9-11 metrga yetdigan uzun bo‘ynli, ulkan to‘rt oyoqli dinozavrlar turidir. Ular eng yirik dinozavrlardan biri edi.
Ornitomimid
Ular taxminan 100-66 million yil oldin Osiyo va Shimoliy Amerikada yashagan. Bu dinozavrlar sudralib yuruvchilar, hasharotlar, o‘simliklar va tuxumlar bilan oziqlanib, to‘da bo‘lib yashab, ov qilishgan. Tumshuqlari tuzilishining o‘ziga xos xususiyatlari tufayli ular ko‘pincha tuyaqushsimon deb ham ataladi.
Alvareszavrid
Yer yuzida 86-66 million yil avval yashagan patli issiq qonli dinozavrlar. Alvareszavridlarning skeletini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, ularda oziq-ovqat qazish uchun mo‘ljallangan kuchli ko‘krak qafasi va yelka mushaklari bo‘lgan. Ushbu dinozavrlarning uzunligi 50 sm dan 2,5 metrgacha bo‘lgan.
Jaratitanis kingi
Eng so‘nggi topilmalardan biri 2021-yilga to‘g‘ri keladi. Uzunligi taxminan 20 metr bo‘lgan o‘txo‘r dinozavr, Yer yuzida mavjud bo‘lgan eng katta dinozavr diplodokning jiyani bo‘lgan.
Bu tur taxminan 100 million yil oldin Bo‘r davrida qadimgi Tetis okeani yaqinidagi G‘arbiy Osiyoning qirg‘oq bo‘yida yashagan. Uning qamchiga o‘xshash dumi va uzun bo‘yni bor edi.