Oʻzbekiston maymunchechak virusiga tayyormi?
JSST Afrikada tarqalayotgan maymun chechagining Clade 1b shtammining yangi toʻlqini tufayli sogʻliqni saqlash boʻyicha favqulodda holat deb eʼlon qildi. Bu borada Oʻzbekistonda ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Sanepidqoʻmita boshqarma boshligʻi Rustamjon Ikramov maymunchechakka qarshi olib borilayotgan chora tadbirlar haqida maʼlumot berdi.
Unga koʻra, maymun chechagi — virusli infeksiya boʻlib, odamlarga, ifloslangan narsalar yoki kasal hayvonlar bilan muloqot va jinsiy muloqot orqali yuqishi mumkin.
Joriy yilning 14-avgust kuni JSST Afrikada tarqalayotgan maymun chechagining Clade 1b shtammining yangi toʻlqini tufayli, sogʻliqni saqlash boʻyicha favqulodda holat deb eʼlon qildi.
Mamlakatga ushbu kasallik kirib kelgan taqdirda amalga oshiriladigan kechiktirib boʻlmaydigan ishlar yuzasidan quyidagi tayyorgarlik choralari koʻrildi:
- yuqumli kasalliklar shifoxonasida yotqizish maqsadida shifo-oʻrinlari, zarur dori vositalari zaxirasi tashkil etildi;
- kasallikka chalingan bemor bilan muloqotda boʻlganlarni 21 kun mobaynida tibbiy kuzatuvini tashkil etish belgilab olindi;
- kasallikni chetdan kirib kelishi va tarqalishini oldini olish borasida xalqaro aeroportlarda, temir yoʻl va avtomobil yoʻllari orqali chegara kesishgan joylarda sanitariya nazorati punktlari mutaxassislarining xushyorligi oshirildi;
- maymun chechagi kasalligining etiologiyasi, klinikasi, epidemiologiyasi va profilaktikasi boʻyicha uslubiy qoʻllanma asosida mutaxassislarning malakasi oshirildi.
Shuningdek, kasallikni laborator aniqlash uchun test-diagnostikum zaxirasi yaratilmoqda. Hozirda maymunchechak Oʻzbekistonga kirib kelmasligi uchun qatʼiy ehtiyot choralari amalga oshirilmoqda.