Oʻzbekiston OTJ murabbiyi Fransiya Olimpiya shaharchasidagi muammolar haqida gapirdi
Kapadzening aytishicha, maishiy muammolar tufayli bor eʼtibor futbolga qaratilmayapti. Dastlab futbolchilar joylashtirilgan xona boshqa sportchilarga tegishli boʻlib chiqqan. Murabbiylar esa umuman boshqa korpusga koʻchirilgan. Jamoa birgalikda bu koʻngilsizliklarni yengishga harakat qilmoqda.
Oʻzbekiston OTJ bosh murabbiyi Timur Kapadze olimpiya shaharchasida yetarli darajada muammolar borligini maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha, Olimpiadaga tayyorgarlik masalasida bir qancha kamchiliklar mavjud. Gohida avtobuslar kechiksa, gohida yoʻlda adashib qolmoqda.
“Xona masalasida, mashgʻulotga borib-kelish masalasida, hali avtobus kelmaydi, hali avtobuslar yoʻlda adashib qolmoqda. Mashgʻulotlarga borib-kelishning oʻziga koʻp vaqt sarf qilyapmiz. Nafaqat biz, balki boshqa jamoalarda ham shunday muammolar bor”, — deydi murabbiy.
Kapadzening aytishicha, maishiy muammolar tufayli bor eʼtibor futbolga qaratilmayapti. Dastlab futbolchilar joylashtirilgan xona boshqa sportchilarga tegishli boʻlib chiqqan. Murabbiylar esa umuman boshqa korpusga koʻchirilgan. Jamoa birgalikda bu koʻngilsizliklarni yengishga harakat qilmoqda.
“Futbol bahslarini boshqa shaharda oʻtkazayotgan jamoalar mehmonxonada yashayapti, ularda biz kabi muammolar boʻlmayapti. Olimpiya shaharchasida yashashning oʻziga yarasha qiyinchiliklari bor ekan”, — deydi u.
Shuningdek, Tokioda boʻlib oʻtgan Olimpiadaga qatnashgan sportchilar ham bunday kamchiliklar kuzatilmaganini bildirgan. Futbol boʻyicha Osiyo chempionatida ham noxushliklar boʻlmagani qayd etilgan. Murabbiy shunga qaramasdan, tayyorgarlik ishlari avjida ekanini bildirdi.