Oʻzbekiston va Malayziya oliy taʼlim muassasalari ishtirokida konsorsium tashkil etiladi
Oʻzbekiston “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi direktori Adham Xudoyqulov boshchiligidagi delegatsiya Malayziyaning Perak shtatidagi Sulton Idris taʼlim universitetida (UPSI) boʻldi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Sulton Idris taʼlim universitetining Nanotexnologiyalar laboratoriyasi, Imkoniyati cheklangan bolalarni kasbga oʻrgatish markazi, yosh bolalar fiziologiya va psixologiyasini oʻrganishga qaratilgan maktabgacha taʼlim muassasasi, “Kelajak sinfxonasi” loyihasi va universitetda talabalar hamda professor-oʻqituvchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur universitet rahbariyati bilan Oʻzbekiston va Malayziya oliy taʼlim muassasalari ishtirokida konsorsiumini tashkil etish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi. Uning natijasida ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha dastlabki chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, Oʻzbekiston tadqiqotchilar uchun Malayziya universiteti laboratoriyalaridan foydalanish imkoniyatini yaratib berish, oʻzaro ilmiy-tadqiqot loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Sulton Idris taʼlim universiteti THE reytingida 601-800 oʻrindan joy olgan. Universitet Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda respublikada ikkita malay tilini oʻrgatish markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻygan.