Oʻzbekiston va Qirgʻiziston alpinistlar lagerini tiklashni rejalashtirmoqda
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston rasmiylari turizmni rivojlantirish doirasida “Dugoba” alpinistlar lagerini tiklash, shuningdek, Qadamjo–Shohimardon yoʻnalishidan birgalikda foydalanishni rejalashtirmoqda.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hukumati turizmni rivojlantirish doirasida “Dugoba” alpinistlar lagerini tiklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, viloyat delegatsiyasi Qirgʻizistonga borib, ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha yangi reja va loyihalarni belgilab olgan.
“Ikkinchisi, hamkorlikda turizmni kuchaytirish va rivojlantirish. Buning uchun bizda eng katta resurslarimizdan biri — Shohimardon bor. Bu Qadamjo-Shohimardon yoʻnalishidan hamkorlikda foydalanish. Qolaversa, ilgari juda ham mashhur boʻlgan „Dugoba“ alpinistik lagerini birgalikda tiklamoqchimiz”, — dedi viloyat hokimligi rahbari.
18−19-iyul kunlari Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga tashrif buyurdi va Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda energetika, transport va toʻqimachilik sohalarida hamkorlik boʻyicha qator yirik loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.
Davlat rahbarlari, shuningdek, keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish toʻgʻrisida qoʻshma bayonot va yana 16 ta hujjat imzoladi. Issiqkoʻldagi kurort-hordiq xoʻjaligi obyektlari boʻyicha hukumatlararo bitim shular jumlasidan.
“Dugoba” togʻ lageri Qirgʻizistondagi Oʻzbekiston anklavi boʻlgan Shohimardon, shuningdek, Botken viloyatining Qadamjo shahri yaqinida joylashgan. Obyekt archa oʻrmonlari hamda qoyali va qorli choʻqqilar bilan oʻralgan boʻlib, ular orasida Ohunboyev (5200 m), Materei (5010 m), Frunze (4550 m) va boshqa choʻqqilar ajralib turadi.
1982-yilda Uchqoʻrgʻon oʻrmon xoʻjaligi hududida tashkil etilgan togʻ lageri Oʻzbekiston SSRga uzoq muddatli foydalanish uchun berilgan. 1997-yilda “Dugoba” togʻ lageri Qirgʻizistonga qaytarilgan.
Hozirda lagerda bir nechta dam olish maskanlari mavjud boʻlib, ularning xodimlari 2018-yil avgust oyida chegara muammolari haqida xabar berishgan. Ularning soʻzlariga koʻra, xorijlik sayyohlar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegarasidagi nazorat-oʻtkazish punktidan oʻtishda qiyinchiliklarga duch kelgan.