Oʻzbekiston va Qozogʻiston kosmosga sunʼiy yoʻldoshlar guruhini uchirish boʻyicha hamkorlik qiladi
2024-yil yakuniga qadar Oʻzbekiston va Qozogʻiston ishtirokida kosmosga oʻzaro sunʼiy yoʻldoshlar guruhini uchirish masalasi oʻrganilib, maʼlumotlar tahlil qilinadi va takliflar belgilanadi. Ushbu masala Ostonada boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyada ikki mamlakat raqamli texnologiyalar vazirlari oʻrtasida muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri boshchiligidagi delegatsiya 2-3-sentyabr kunlari Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya tomonidan Ostona shahrida tashkil etilgan “Raqamli inklyuziya va transformatsiya boʻyicha Osiyo–Tinch okeani vazirlar konferensiyasi”da ishtirok etdi.
Vazirlik axborot xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu tadbir doirasida vazir Sherzod Shermatov Qozogʻiston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri J.Madiyev bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda hamkorlik istiqbollari, shuningdek, raqamli koʻnikmalarni oʻqitishni taʼminlash, raqamli inklyuzivlik va raqamli transformatsiya boʻyicha mintaqaviy hamkorlik holati va uni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan. Raqamli innovatsiyalarni jadallashtirish uchun zarur mintaqaviy hamkorlik rejalariga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, ikki mamlakat ishtirokida kosmosga oʻzaro sunʼiy yoʻldoshlar guruhini uchirish boʻyicha hamkorlikni amalga oshirish masalasini oʻrganish va tahliliy maʼlumotlarni joriy yil yakuniga qadar tahlil qilib, takliflarni belgilab olish muhokama qilindi.