Oʻzbekiston Xalqaro kosmos shartnomasiga qoʻshildi
Oʻzbekiston Kosmosni, shu jumladan, Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq qilish va ulardan foydalanish boʻyicha davlatlar faoliyati prinsiplari toʻgʻrisidagi shartnomaga qoʻshildi. Bu kosmosni oʻrganish, xalqaro loyihalarda ishtirok etish, resurslar va bilimlar almashinuvi uchun imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-oktyabr kuni Kosmik fazoni, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq qilish va ulardan foydalanish boʻyicha davlatlarning faoliyati prinsiplari toʻgʻrisidagi shartnomani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunni imzoladi.
Hujjat 1966-yil 19-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan va 1967-yil 27-yanvarda London, Moskva va Vashingtonda imzolangan. Hozirga qadar unga 114 ta davlat qoʻshilgan boʻlsa, Oʻzbekiston 115-ishtirokchiga aylandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qonunni 2-iyul kuni qabul qilgan, Senat esa 15-avgust kuni maʼqullagan. Parlament quyi palatasida qonun muhokamasida “Oʻzbekkosmos” agentligi bosh direktori Shuhrat Qodirov bitimni ratifikatsiya qilish Oʻzbekistonning xalqaro kosmik loyihalar va tadqiqotlarda ishtirok etishi, shuningdek, boshqa mamlakatlar bilan resurslar va bilim almashish uchun imkoniyatlar ochishini taʼkidladi. Ratifikatsiya, shuningdek, Oʻzbekistonning kosmik huquq tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Kosmik faoliyat jahon hamjamiyatining globallashuvi va axborotlashtirish jarayonida muhim oʻrin tutadi. Dunyoning barcha yetakchi va koʻplab rivojlanayotgan davlatlari kosmik fazoni oʻrganish va undan foydalanish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda, kosmik salohiyatdan esa iqtisodiy, mudofaa, texnikaviy, ilmiy, ijtimoiy, madaniy va xalqaro manfaatlarni roʻyobga chiqarish uchun foydalanilmoqda,” — deyiladi Senat muhokamasida.