Oʻzbekistonda 16 qavatdan yuqori binolar qurish boʻyicha Konstruktorlik byurosi tashkil qilinadi
Prezident qurilishdagi oʻzgarishlardan orqada qolmaslik uchun Shaharsozlik normalari va qoidalarini muntazam yangilab borish kerakligi taʼkidlandi.
Oʻzbekistonda yil yakunigacha 16 qavatdan yuqori binolar qurish boʻyicha Toshkent arxitektura-qurilish universiteti qoshida alohida Konstruktorlik byurosi tashkil qilinadi.
Yigʻilishda Shaharsozlik normalari va qoidalarining 38 tasi roʻyxatdan oʻtmagan, yana 13 tasi yangilanmagani taʼkidlandi.
“Shu bois quruvchilar zamonaviy obyekt qurishda loyihaga maxsus texnik shart olish uchun qoʻshimcha vaqt va mablagʻ sarflamoqda, bu esa tannarxga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda”, — deyiladi xabarda.
Qurilishdagi oʻzgarishlardan orqada qolib ketmaslik uchun SHNQlarni muntazam yangilab borish kerakligi taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan Qurilish va Adliya vazirliklariga bir oyda 38 ta SHNQni roʻyxatdan oʻtkazib, amaliyotga joriy qilish, 1-martga qadar 16 qavatdan yuqori binolar, savdo kompleksi va parkinglar boʻyicha milliy normalarni hamda yana 13 ta SHNQni ishlab chiqish topshirildi.