Oʻzbekistonda 9 yoshli bolakay AI yordamida ishlaydigan bot yaratdi
9 yoshli bola sunʼiy intellektning tayyor tizimlari asosida ishlovchi bot yaratdi. Bot sunʼiy intellektning tayyor tizimlaridan maʼlumotlar olishga asoslangan.
Oʻzbekistonda 9 yoshli bola tomonidan sunʼiy intellektning tayyor tizimlari asosida ishlovchi bot yaratildi. Bu haqda bloger Nikita Makarenko maʼlum qildi.
@GENT_GPT_UZ_bot deb nomlangan bot sunʼiy intellektning tayyor tizimlaridan maʼlumotlar olishga asoslangan. U foydalanuvchi bilan suhbatlashishi hamda savollarga javob berishi mumkin.
Huquqshunos bloger Xushnud Xudoyberdiyev botdan foydalanib koʻrgani haqida yozdi. Bot uning imtihon oldidan hayajonlanmaslik uchun nimalar qilish kerakligi haqidagi savoliga bir nechta yaxshi maslahatlar bergan.
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev ham ushbu xabarga munosabat bildirdi. Bot hali mukammal boʻlmasa ham bu bolakayning katta ishlarni amalga oshira olishiga umidvormiz, deb yozadi mutasaddi.
“Farzandingizning barcha oʻqish va rivojlanishi uchun kerak taʼlim xarajatlarini qoplashga hamda uni loyihani davom ettirishi uchun kuchli jamoa va ofis sharoitlari bilan taʼminlashga tayyormiz”, — deya bolakayning ota-onasiga murojaat qilgan agentlik rahbari.
“Toping.uz” muharrirlari ham botdan foydalanib koʻrdi. U yangi oʻquv yili qachon boshlanishi va unga tayyorgarlik koʻrish haqidagi savolga javob berdi. Botdan uzun va toʻliq javobdan soʻng suhbatni yana davom ettirishni taklif qiladi. U yuqoridagi savolga muqobil savollar ketma-ketligini taqdim etadi.