РУ
O’Z
UZS
/
/
Oʻzbekistonda Apple Pay, Google Pay va Paypal ishlay boshlaydi
02.10.2024

Oʻzbekistonda Apple Pay, Google Pay va Paypal ishlay boshlaydi

Oʻzbekistonda Apple Pay, Google Pay va Paypal ishlay boshlaydi

Transport vazirligi esa Hertz, Avis va Sixt kabi avtoijara kompaniyalarini taklif etishi kerak.

26-sentyabr kuni turizmni rivojlantirishga oid hukumat qarori qabul qilingan. Qaror lex.uz portalida eʼlon qilindi.

Unga koʻra, 2024-yil yakuniga qadar:

  • avtotransport vositalarini ijaraga berish xizmatlarini koʻrsatuvchi mahalliy va xorijiy kompaniyalar (Hertz, Avis, Sixt kabi) faoliyatini mamlakatning aeroport va temir yoʻl vokzallari hududlarida yoʻlga qoʻyish uchun qulay sharoitlar yaratish choralari koʻriladi; (ijrochilar: Transport vazirligi va Turizm qoʻmitasi);
  • hududlar boʻyicha turistik yoʻnalishlar va obyektlarni qamrab oluvchi roʻyxat shakllantirilib, Apple va Google xalqaro xaritalarga taqdim etiladi va muntazam ravishda reyestr yangilab boriladi; (ijrochilar: Turizm qoʻmitasi va Raqamlashtirish vazirligi);
  • xalqaro onlayn toʻlov kompaniyalari (Paypal, Alipay, UniPay, Apple Pay, Google Pay kabi) bilan muzokara oʻtkazilib, ushbu vositalar Oʻzbekistondagi toʻlov tizimlari va bank xizmatlariga ulanadi, zarur hollarda, milliy qonunchilik talablarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi (ijrochilar: Markaziy bank, Raqamlashtirish vazirligi va Turizm qoʻmitasi).

Maʼlumot uchun, PayPal — bu xalqaro toʻlov tizimi boʻlib, AQSHning PayPal Holdings Inc kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Tashkiliy-huquqiy shakli jihatidan ochiq aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi va aksiyalari NASDAQ birjasida savdo qilinadi.

PayPal toʻlov tizimi Oʻzbekistonda tegishli boʻlinma ochib, milliy valyuta — soʻmda toʻlovlar va amaliyotlarni amalga oshirmoqchi boʻlsa, u holda amaldagi qonunchilikka koʻra, kompaniya Markaziy bankdan tegishli litsenziya olishi va oʻrnatilgan tartibda nazorat va kuzatuv ostida boʻlishi talab qilinadi.