РУ
O’Z
UZS
/
/
Oʻzbekistonda qayta ishlatilishi majburiy boʻlgan chiqindi tovarlari roʻyxati ishlab chiqildi
31.07.2024

Oʻzbekistonda qayta ishlatilishi majburiy boʻlgan chiqindi tovarlari roʻyxati ishlab chiqildi

Oʻzbekistonda qayta ishlatilishi majburiy boʻlgan chiqindi tovarlari roʻyxati ishlab chiqildi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Oʻzbekistonda majburiy qayta ishlanishi kerak boʻlgan tovarlar roʻyxatini eʼlon qildi. Chiqindilarni qayta ishlash ikkilamchi xomashyodan samarali foydalanish imkonini beradi. Muhimi, bu atrof-muhit ifloslanishining oldini olishga yordam beradi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston hududida ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlatilishi majburiy boʻlgan chiqindi tovarlarining belgilari boʻyicha roʻyxati” ishlab chiqildi.

Roʻyxat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq tuzildi va va 2024-yilning 25-iyunida tasdiqlandi.

Roʻyxatda plastmassalar, qogʻozlar, metallar, shishalar, kompozitli materiallar, batareya va akkumulyatorlar, qurilish chiqindisi kabi materiallar qayta ishlanishi boʻyicha kod raqamlari va belgilar qoʻyilgan. Zaruratga qarab majburiy boʻlgan chiqindi tovarlarining belgilari boʻyicha qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilib, tasdiqlanib boriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oziq-ovqat mahsulotlariga tegib turadigan qadoqlarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarorini hisobga olgan holda qayta ishlatilishi majburiy boʻlgan chiqindi tovarlarining belgilari boʻyicha tasdiqlangan roʻyxati 12 oydan keyin kuchga kiradi. Chiqindilarni qayta ishlash ikkilamchi xomashyolardan samarali foydalanishga imkoniyat beradi. Eng muhimi, bu orqali atrof-muhit ifloslanishining oldi olinadi.