Oʻzbekistonda qozoq sarkardasi maqbarasi topildi
Tarixchi Dildora Hasanovaning taʼkidlashicha, Toʻqmanboy nafaqat sarkarda, balki otlar haqidagi bilimlari bilan tanilgan badavlat kishi boʻlgan. Shu sababli Shayboniylar hukmdori undan otliq qoʻshin tuzishni soʻragan.
Oʻzbekistonda 400-yil avval yashagan qozoq sarkardasi Toʻqmanboyning qadimiy maqbarasi topildi. Bu haqda 24.kz xabar bermoqda.
XVI asrda Toʻqmanboy Qosimxonning farmoyishi bilan Samarqandga kelib, Shayboniylar davlatiga harbiy yordam koʻrsatish va maxsus otliq qoʻshin tuzish vazifasini bajargan.
Ubaydullaxon hukmronligi davrida qoʻzgʻolon koʻtarilgach, uning tarafdorlari Qosimxondan yordam soʻrashgan. Xon Toʻqmanboy boshchiligida nayman qozoqlaridan iborat qoʻshin yuborgan.
Biroq Toʻqmanboy Samarqandda boʻlgan paytda toʻsatdan vafot etgan. U oʻlimidan oldin oʻgʻillari va qarindoshlariga oʻzini Samarqandda dafn etishni vasiyat qilgan. XVII asr boshlarida Toʻqmanboy dafn etilgan maqbara qurilgan.
Vaqt oʻtishi bilan maqbaraning pastki qismi choʻkib, qabrtoshni yashirib qoʻygan, ammo yuqori qismi yaxshi holatda saqlanib qolgan. Tarixchi Dildora Hasanovaning taʼkidlashicha, Toʻqmanboy nafaqat sarkarda, balki otlar haqidagi bilimlari bilan tanilgan badavlat kishi boʻlgan. Shu sababli Shayboniylar hukmdori undan otliq qoʻshin tuzishni soʻragan.
Qabr tadqiqotchilaridan biri boʻlgan samarqandlik Akmal Hamroyev maqbara yonida Shayboniylar sulolasiga tegishli boshqa qabrlar borligini aniqlagan. Oʻzbekiston hukumati Toʻqmanboyning hayoti va faoliyati hamda Shayboniylar sulolasi tarixi haqida yangi maʼlumotlar olish uchun keyingi tadqiqotlar oʻtkazish maqsadida qabr atrofiga maxsus toʻsiq oʻrnatgan.