Oʻzbekistonda shaharsozlik meʼyorlari va qoidalari yangilanadi
Prezident bir oy ichida 38 ta, mart oyigacha yana 13 ta shaharsozlik meʼyorlari va qoidalarini roʻyxatdan oʻtkazish hamda amaliyotga joriy etishni topshirdi. Bahorga qadar 16 qavatdan baland binolar, savdo markazlari va avtoturargohlar qurilishi boʻyicha milliy meʼyorlar ishlab chiqilishi lozim.
Shaharsozlik meʼyorlari va qoidalarini muntazam yangilab borish, ularni zamonaviy qurilish usullariga moslashtirishni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-sentyabr kuni oʻtkazilgan yigʻilishda muhokama qilindi.
Davlat rahbari qurilish sohasiga ilgʻor texnologiyalar, fan va innovatsiyalarni joriy etish surʼati zamon talablariga javob bermasligini taʼkidladi.
Soʻnggi yillarda qurilish surʼati yiliga 7-8 foizga oʻsib borayotganiga qaramay, hamon eski meʼyorlar, standartlar va yondashuvlar qoʻllanilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, 38 ta shaharsozlik meʼyorlari va qoidalari (SHNQ) roʻyxatdan oʻtkazilmagan, yana 13 tasi yangilanmagan.
Shu bois zamonaviy inshoot qurishni rejalashtirgan qurilish kompaniyalari loyiha uchun texnik shartlarni olishga qoʻshimcha vaqt va mablagʻ sarflamoqda, bu esa oʻz navbatida tannarxga taʼsir qilmoqda, deb taʼkidlandi yigʻilishda.
Shavkat Mirziyoyev qurilish va adliya vazirliklariga bir oy ichida 38 ta meʼyor va qoidani roʻyxatdan oʻtkazib, amaliyotga joriy etishni topshirdi. Bundan tashqari, kelgusi yil 1-martgacha 16 qavatdan baland binolar, savdo markazlari va avtoturargohlar qurilishi boʻyicha milliy meʼyorlar, shuningdek, yana 13 ta meʼyor va qoida ishlab chiqilishi kerak.