РУ
O’Z
UZS
/
/
Oʻzbekistonda yangi uyali aloqa operatori tashkil etiladi
21.08.2024

Oʻzbekistonda yangi uyali aloqa operatori tashkil etiladi

Oʻzbekistonda yangi uyali aloqa operatori tashkil etiladi

Britaniyaning Vodafone kompaniyasi ishtirokida yangi uyali aloqa operatori tashkil etiladi. Kompaniya 5G Standalone tarmogʻini oʻrnatadi. Investitsiyalar hajmi 250 mln yevroga baholanmoqda.

Oʻzbekistonda Vodafone va Nokia kompaniyalari ishtirokida yangi uyali aloqa operatori tashkil etiladi. Tadbirkor Farhod Mamajonovning soʻzlariga koʻra, kompaniya 5G Standalone tarmogʻini oʻrnatadi. Investitsiyalar hajmi 250 mln yevroga baholanmoqda va u 2025-yil boshida ishga tushishi kutilmoqda.

Dunyodagi eng yirik uyali aloqa operatorlaridan biri Britaniyaning Vodafone kompaniyasi Oʻzbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 20-avgust kuni Nukusda prezident bilan boʻlib oʻtgan yigʻilishda UzTex Group toʻqimachilik kompaniyasi taʼsischisi, InfinBankʻning asosiy aksiyadori va boshqa tadbirkorlik subyektlari egasi Farhod Mamajonov maʼlum qildi.

Foto: Oʻztoʻqimachiliksanoat uyushmasi axborot xizmati

“Biz yangi sohaga qoʻl urdik. Oʻzingiz kecha majlisda raqamlashtirish haqida gapirdingiz. Yashin tezligida ishlash uchun bizga yashin [tezligida] internet kerak. Oʻtgan yili chet el brendini olib kirgin, deb topshiriq bergandingiz. Biz Oʻzbekistonga juda ham yaqqol boʻlgan Britaniyaning Vodafone brendi mobil aloqasini ishga tushirish boʻyicha 5G Standalone bilan ish boshladik”, — dedi u.

“Hamkorimiz Britaniyaning Vodafone brendi boʻladi. Biz Perfectum korxonasini xususiylashtirib oldik…Xususiy tadbirkorga raqamlashtirish quyi boʻgʻinda yetib borishi uchun internet kerak boʻldi, buni bank orasida koʻrib chiqdik. Buning uchun Uzcard kompaniyasi bilan hamkorlikda inqilobiy rejaga qoʻl urdik — Vodafone kompaniyasi tashkil etiladi. Xudo xohlasa, yangi yilda ishga tushadi”, — dedi tadbirkor.

Vodafone Group Plc qirq yillik tarixga ega va 30 mamlakatda 434 mln foydalanuvchi (dunyodaChina Mobileʻdan keyin ikkinchi koʻrsatkich) boʻlgan dunyodagi eng yirik telekommunikatsiya kompaniyalari guruhlaridan biri hisoblanadi. Yana 50 ta davlatda u toʻliq nazoratga ega boʻlmagan tarmoqning hamkori hisoblanadi. U ovozli, xabar almashish, maʼlumotlar va statsionar aloqa kabi keng koʻlamli xizmatlarni taqdim etadi. Shuningdek, kompaniya Freedom Telecom bilan hamkorlikda Qozogʻiston bozoriga chiqishni rejalashtirgan.