РУ
O’Z
UZS
/
/
Oʻzbekistonni hamyonbop narxlarda kezib chiqish mumkinmi? Sayohatchi bloger Baxtishod bilan suhbat
14.09.2024

Oʻzbekistonni hamyonbop narxlarda kezib chiqish mumkinmi? Sayohatchi bloger Baxtishod bilan suhbat

Oʻzbekistonni hamyonbop narxlarda kezib chiqish mumkinmi? Sayohatchi bloger Baxtishod bilan suhbat

Soʻnggi yillarda oʻzbek blogosferasi noodatiy kontentlar bilan boyidi. Ushbu maqolamiz mehmoni ham oʻz yoʻnalishining ustasi hisoblanadi. Bloger Baxtishod Muxiddinov sayohat mavzusida bir-biridan qiziq videolar ishlaydi.

Baxtishod Muxiddinov “Subyektiv” loyihasining sobiq aʼzosi hisoblanadi. U 2 yildan beri sayohatchi-bloger sifatida faoliyat yuritadi va Toshkentning koʻplab qiziqarli joylari haqida videolar tayyorlaydi.

Biz u bilan sayohat yoʻnalishidagi blog gʻoyasi qanday paydo boʻlgani, ichki turizmni rivojlantirish uchun nimalar qilish kerakligi, chet ellik sayyohlarni jalb qilish usullari va sayohatning inson ruhiyatiga taʼsiri haqida suhbatlashdik.

Sayohat yoʻnalishida blog yuritish gʻoyasi qachon paydo boʻldi?

Bu yoʻnalishda videolar ishlash gʻoyasi kechroq paydo boʻlgan. Ammo men doim sayohat qilishni yoqtirganman. Bolaligimda xiyobonlarda sayr qilish, togʻlarda sayohat qilishga juda qiziqqanman.

Karantindan bir necha kun oldin ham blog yuritishni boshlash haqida jiddiy oʻylaganmiz. Ammo yoʻllar bekilgani sababli rejamiz oʻxshamagan. 2023-yilda “Subyektiv” jamoasi bilan Saudiya Arabistoniga borganimizda atrofdagi binolarni tasvirga olaturib, nega shunday joylar haqida maʼlumot bermasligim kerak deb oʻylaganman.

Xuddi shunday Toshkent shahridagi ajabtovur manzillarni ham odamlarga koʻrsatish mumkinligini tushunib yetganman va 2023-yil yanvar oyida sayohat yoʻnalishida blog yuritishni boshlaganman. Dastlab, Saudiyada olingan videolar qoʻyilgan, keyin poytaxtdagi bir nechta manzillar haqida video ishlaganman va shu bilan ijodga kirishib ketganman.

Toshkentda siz borib koʻrmagan bogʻ va xiyobonlar qoldimi?

Shahrimizda men borib koʻrmagan bogʻlar hali bor, albatta. Ammo u yerdagi atmosfera odamlarga unchalik qiziq emas deb oʻylayman. Baribir bu parklarga ham borib, aylanib koʻrish va kontent tayyorlash kerak. Balki bu manzillar ham tomoshabinlarga manzur kelar.

Umumiy olib qaraganda, Toshkentda men video ishlamagan lokatsiyalar hali ancha koʻp. Ayrim joylarga hamkorlik boʻyicha takliflar yuborganmiz. Shuningdek, xususiy mulk hisoblanuvchi kafe-restoranlar, oʻyingohlar va boshqa bir qator dam olish hududlari bilan ishlashni rejalashtiryapmiz.

Blogdan koʻzlangan maqsad insonlarni oila davrasida hech boʻlmaganda oʻz uyidan tashqariga chiqib, atrofidagi bogʻlarga, salqin joylarga borishga undash boʻlgan. Shu sababli men poytaxtdagi diqqatga sazovor manzillar haqida hali koʻp videolar tayyorlayman deb oʻylayman.

Oʻzbekistonning yana qaysi shahar va tumanlari sayyohlarni jalb qiladi?

Mamlakatimizning koʻp tuman va shaharlarida diqqatga sazovor joylar bor. Baʼzi hududlarning tabiati hayratlanarli boʻlsa, boshqalarida etnik va gastroturizmnni rivojlantirish uchun imkoniyatlar bor.

Men doim mahalliy aholi hududdagi diqqatga sazovor joylar, ovqatlar, anʼanalar ustida ishlashini va ularni zamon talablariga moslashtirib internet orqali targʻib qilishini xohlayman. Bu orqali albatta oʻsha hududda sayyohlar oqimi keskin ortadi.

Masalan, Qashqadaryoning Chiroqchi tumani oʻzining qatiqli salati bilan butun Oʻzbekistonga tanilgan. Hozir qaysi viloyatda boʻlishidan qatʼi nazar barcha oshxonalar menyusida Chiroqchi salatni koʻrish mumkin. Bu taniqlilik darajasini oshirib boraveradi.

Siz Oʻzbekistonda borishni xohlaydigan manzillar qaysi?

Yuqorida taʼkidlaganimdek, Oʻzbekistonning togʻlari, qir-adirlari, hatto sahrolarim ham goʻzal. Buni faqatgina oʻz koʻzingiz bilan tomosha qilishingiz kerak deb oʻylayman.

Yaqin kelajakda ushbu manzillarga borishni reja qilyapman:

  1. Orol dengizi;
  2. Kitob tumani;
  3. Boysun togʻlari;
  4. Qizilqum sahrosi;
  5. Arashan koʻllar tizimi;
  6. Shohimardon qishlogʻi;
  7. Zomindagi Qirqqiz ziyoratgohi;
  8. Xorazmdagi meteorit tushgan joy;
  9. Qoraqalpogʻistondagi Sariqamish koʻli.

Bizda ichki turizm qanchalik rivojlangan, bu borada qanday ishlar qilish kerak?

Oʻzbekiston ichki turizmi endi-endi rivojlanib bormoqda. Bir yil oldin ijodni boshlagan boʻlsam, u paytlarda mahalliy yoʻnalishlar boʻyicha sayohatlar tashkil etuvchi turistik kompaniyalar juda kam edi. Hozirga kelib, viloyatlararo sayyohlik oqimlari ham ancha koʻpayib, rivojlanib bormoqda. Hatto qoʻshni mamlakatlarga ham sayohatlar tashkil qilinmoqda, bu albatta quvonarli holat.

Ammo bu borada kamchiliklar ham talaygina. Bunda odamlardagi sayohat qilish madaniyatining toʻliq rivojlanmaganini koʻrsatish mumkin. Masalan, istalgan togʻ yoki xiyobonni olib qarasangiz, u yer chiqindilarga toʻlib-toshganini koʻrasiz. Biz turizmni ham alohida madaniyat sifatida shakllantira olsak, keyinchalik chet el yoʻnalishlari haqida vloglar tayyorlashimiz mumkin boʻladi.

Shuningdek, turizm yoʻnalishidagi blogerlar uchun imkoniyatlar yaratilishi kerak deb hisoblayman. Masalan, menda doim dron bilan bogʻliq muammo boʻlgan. Agar bunga yoʻl ochilsa, biz dronda tasvirga olish orqali Oʻzbekistonning diqqatga sazovor joylarini nafaqat oʻzimizga, balki chet elga ham osonroq yetkazish va tanitish imkoniga ega boʻlamiz.

Masalan, Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi treyvl-blogerlarda shaxsiy dronlar bor va ularning shunday kontentlari yuz millionlab koʻrishlar sonini olib keladi. Shu sababli bu qoʻshnilarimizda sayyohlar oqimi biznikidan ancha koʻproq. U yerga Yevropadan, Amerika qitʼasidan doimiy mehmonlar keladi. Odamlarga videoda koʻrgan joylariga borish doim qiziq boʻlgan. Oʻzbekistonda ham bunday joylar talaygina, ularni faqatgina sifatli tasvirlar bilan ochib berish kerak.

Turizmni rivojlantirishda inflyuenserlarning oʻrni qanchalik muhim?

Oʻzbekistonda Turizm qoʻmitasi faoliyat yuritadi. Tashkilotning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida faqat Buxoro, Samarqand va Xiva kabi tarixiy yodgorliklarga ega shaharlarni koʻrish mumkin. Biz bu joylarni uzoq yillardan beri sayyohlarga taklif etamiz. Ammo bundan boshqa koʻrsatilishi mumkin boʻlgan manzillarimiz ham talaygina.

Masʼullar auditoriyaga ega sayohatchi blogerlar bilan hamkorlik qilsa ham boʻladi. Chunki biz manzillarni, u yerdagi xizmat koʻrsatish sifati va boshqa barcha nyuanslarni juda yaxshi bilamiz. Shu sababli bizga imkon berilib, yordam qoʻli choʻzilsa, Oʻzbekistonda bir necha yil ichida sayyohlar oqimi keskin oshishiga ishonaman.

Agar biz Oʻzbekistondagi diqqatga sazovor joylarni olib chiqib, odamlarga chiroyli tarzda koʻrsatmasak, shunday joylar borligi haqida hech kim bilmay qolishi mumkin. Misol uchun, men yozda choʻmilish uchun qulay boʻlgan shahar tashqarisidagi manzillar, sharshara va daryolar haqida videolar tayyorladim. Bu videolar milliondan ortiq tomosha qilindi va u yerga boruvchilar soni ham keskin oshib ketdi.

Oʻzbekistonni hamyonbop narxlarda kezib chiqish mumkinmi?

Men uzoq vaqtdan beri shu masala ustida bosh qotiryapman. Taksi, avtobus marshrutlarini topish, mehmonxonalarni band qilish, oshxonalarni borib koʻrishni maqsad qilgan. Shundan soʻng bu sayohat hamyonbop boʻladimi yoki yoʻqligi oydinlashadi. Toshkentdan boshqa viloyatga chiqib kelish necha pulga aylanishi haqida kattaroq videolar ishlamoqchiman.

Bunda juda koʻp jihatlarni eʼtiborga olish kerak. Masalan, narx necha kishi sayohatga chiqishiga qarab oʻzgarib boraveradi. Shu yoʻnalishda videolar ishlashni tez orada boshlaymiz. Menimcha, shaharlararo sayohat qiziq boʻladi va bu odamlarimizga oʻzi yashab turgan mamlakatni yanada ichkariroqdan koʻrishga yordam beradi. Bunday marshrutlar foydalanuvchilari ortadi degan umiddaman.

Nechta davlatga sayohat qilgansiz? Chet el shaharlarining qanday jihatlari sizga yoqqan?

Umumiy hisobda 3 ta davlatga sayohat qilganman. Bular Saudiya Arabistoni, Vetnam va Qozogʻistondir. Menga Vetnam shaharlari gavjumligi juda yoqqan. U yerda hamma tabassum qilib yuradi, nimadir soʻramoqchi boʻlsangiz, sizni diqqat bilan tinglab, qoʻldan kelgancha yordam beradi. Sayohatimni yakunlab, Toshkentga kelishim bilan kayfiyatim tushgan. Chunki bu yerda aeroportdayoq sizni qovogʻini uygan xodimlar kutib oladi.

Shuningdek, men borgan shaharlarda osmonoʻpar binolar talaygina edi. Toʻgʻri, bunday majmualar Toshkent shahrida ham koʻpayib bormoqda. Umuman olganda, shaharlarni solishtirish darajasida sayohat qilmaganman. U yerlarga birinchi marta borganim sababli barchasi ideal tuyilgan. Ammo aniqki, har bir joyning oʻziga xos past-balandliklari boʻladi.

Sayohatning ahamiyati haqida nimalar deya olasiz?

Koʻproq sayohat qilgan odam dunyoni yaxshiroq taniydi deyishadi. Bu fikrga men ham qoʻshilaman. Siz har safar boshqa davlatga sayohat qilganingizda: “Ha mana shunaqa qilsa boʻlarkan-ku!” degan gapni koʻp ishlatasiz. Koʻproq oʻzingiz yashayotgan shahar va davlat bilan solishtirasiz.

Hozircha juda koʻp davlatga sayohat qilib qoʻymaganim sababli bu mavzuda hali koʻp gapira olmayman. Ammo shuni bilamanki, sayohat umringizni uzaytiradi, siz yana va yana yashashni xohlayverasiz! Sayohat qilsangiz, ruhingiz rohat oladi.