Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yana rekordni yangilab, 39 mlrd dollardan oshdi
Avgust oyida Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari oltin qimmatlashgani fonida yana rekordni yangiladi va 39,1 milliard dollarga yetdi. Yil boshidan buyon oltin zaxirasining qiymati 5,77 milliard dollarga oshdi.
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1-sentyabr holatiga 39,15 mlrd dollarni (+4,7 foiz) tashkil etib, avgust oyi davomida 1,75 mlrd dollarga oshgan. Bu statistika yuritilgan butun davr uchun navbatdagi rekord koʻrsatkichdir.
Regulyator maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan oyda xorijiy valyutadagi zaxiralar 503,1 mln dollarga — 7,69 mlrd dollardan 8,19 mlrd dollargacha oshgan (iyun-iyul oylarida oltin sotib olish hisobiga 1,58 mlrd dollarga kamayish kuzatilgan).
Shunga qaramay, yil boshidan beri (yanvar-avgust) valyuta zaxiralari 1,18 milliard dollarga qisqardi, shu jumladan, 2019-yilda mamlakat chiqargan 500 million dollarlik suveren yevroobligatsiyalar boʻyicha qarzni toʻlash hisobiga.
Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi iyun-iyul oylaridagi oʻsishdan soʻng (18,94 tonna) 10 ming troya unsiyasiga (311 kg) kamayib, 12,04 million troya unsiyasini (371,7 tonna) tashkil etdi.
Shunga qaramay, oltin zaxirasining qiymati yana 1,24 milliard dollarga — 29,16 milliard dollardan 30,4 milliard dollargacha oshdi. Bu 2013-yildan beri statistika yuritilgan barcha vaqtlar uchun rekorddir. Buning sababi — avgust oyida oltin kotirovkasi bir unsiya uchun 2446,28 dollardan 2502,77 dollarga (+2,3 foiz) koʻtarildi.