РУ
O’Z
UZS
/
/
Parij–2024: Oʻzbek futbolchilari keyingi bosqichga chiqa oladimi?
26.07.2024

Parij–2024: Oʻzbek futbolchilari keyingi bosqichga chiqa oladimi?

Parij–2024: Oʻzbek futbolchilari keyingi bosqichga chiqa oladimi?

26-iyul kuni Parijda Olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Ammo odatda Olimpiadaning futbol musobaqalari bir necha kun oldin start oladi. Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi tarixda ilk bora toʻrt yillikning eng nufuzli turniriga yoʻl oldi va oʻzining ilk oʻyinini favorit Ispaniyaga qarshi oʻtkazdi.

Ispaniya bilan uchrashuv teng kurashlar ostida oʻtdi. Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi ham yetarlicha imkoniyatlarga ega boʻldi. Biroq hisobni ispaniyaliklar ochdi. Birinchi boʻlim soʻngida esa oʻzbekistonlik olimpiyachilar penalti ishladi va jamoa sardori Eldor Shomurodov uni golga aylantirdi. Shu bilan u Oʻzbekiston uchun Olimpiadalar tarixidagi ilk golni kiritgan futbolchiga aylandi. Ikkinchi boʻlimda ispanlar hisobni 2:1 ga yetkazdi va oʻyinda gʻalaba qozondi.

Guruhdagi vaziyat

Foto: Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi

Timur Kapadze shogirdlari musobaqada “C” guruhidan oʻrin olgan, Ispaniyadan tashqari Misr va Dominikan terma jamoalariga qarshi oʻyin oʻtkazadi. Guruhdagi ikkinchi oʻyinda Misr va Dominikan olimpiyachilari golsiz durang qayd etdi — 0:0.

Guruhdagi vaziyatga koʻra, Ispaniya terma jamoasi 3 ochko bilan birinchi Misr va Dominikan 1 ochko bilan ikkinchi va uchinchi, Oʻzbekiston olimpiyachilari esa 0 ochko bilan toʻrtinchi oʻrinni egallab turibdi.

Oʻzbekiston vakillari keyingi oʻyinlarda 27-iyul kuni Misrga, 30-iyul kuni esa Dominikanga qarshi oʻtkazadi. Ispaniyaga qarshi kuchli oʻyin namoyish etgan Timur Kapadze shogirdlarida guruhdan chiqish imkoniyati yetarlicha. Misr–Dominikan uchrashuvidagi durang ham jamoaning foydasiga ishlashi mumkin.

Raqiblar bilan avvalgi uchrashuvlar

Foto: Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi

Timur Kapadze shogirdlari navbatdagi raqib Misr bilan 2023-yilning 16-oktyabr sanasida oʻrtoqlik oʻyinida maydonga tushgan. Unda Oʻzbekiston 1:2 hisobida magʻlubiyatga uchragan. Eldor Shomurodov sardorligidagi jamoa ushbu oʻyin uchun revansh olish maqsadida ham maydonga tushadi. Oʻzbekiston katta ehtimol bilan guruh bosqichida oʻziga kerakli natijani koʻrsatadi va chorak finalga yoʻl oladi.

Oʻzbekiston olimpiya jamoasining keyingi bosqichdagi raqibi “D” guruhi ishtirokchisi boʻladi. Bu guruhda juda yaxshi tanish boʻlgan Yaponiya va Mali, shuningdek, Isroil va Paragvay jamoalari bor. Yaponiya birinchi turda Paragvayni yirik 5:0 hisobida magʻlub etganini hisobga olsak, chorak finalda Oʻzbekistonga Yaponiya, Isroil va Mali jamoalaridan biri raqib boʻladi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Osiyo chempionati U-23 finalida Yaponiya bilan bahs olib borgan va 1:0 hisobida magʻlub boʻlgandi. Bundan tashqari Kapadze shogirdlari Olimpiadadan avval Mali bilan 2 ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazib, bir durang va bir magʻlubiyat qayd etgan.

Kapadze Misrga qarshi oʻyinga tayyorgarlik haqida

Foto: Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi

Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze Misrga qarshi oʻyin oldidan oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi. U himoyachi Ibrohimhalil Yoʻldoshev oilaviy sabablarga koʻra terma jamoa ixtiyorini tark etishga majbur boʻlganini aytgan. Maʼlum boʻlishicha, Ibrohimhalilning farzandi betob boʻlib qolgan.

“Misrga kelsak, Afrikaning eng kuchli jamoalaridan biri. Ular bilan oʻtgan yili Toshkentda oʻynaganmiz. Raqibimizning kuchli tomonlari va imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. Shunga yarasha biz ham oʻz rejamizga koʻra tayyorgarlik koʻramiz va gʻalaba qozonish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz”, — dedi Kapadze.

Murabbiyning taʼkidlashicha, birinchi uchrashuvdan keyin jamoa oʻyinini tahlil qilgan va kerakli xulosalarni chiqargan. Oʻyin davomida baʼzi vaziyatlarda yaxshiroq oʻynalgani, baʼzida esa kamchiliklar ham koʻzga tashlangani qayd etildi. Hozirda xatolar ustida ishlab borilmoqda va bor eʼtibor ertangi oʻyinga qaratilgan. Jamoada qolgan barcha sogʻ, muammo yoʻq. Ibrohimhalil ketganidan soʻng zaxira futbolchilardan birini qaydnomaga kiritishga harakat qilinmoqda. Bu borada tashkiliy qoʻmitaga soʻrov yuborilgan.

Jamoa Misrga qarshi toʻliq oq libosda oʻynaydi

Foto: Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi

Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi ertaga Parij Olimpiadasidagi navbatdagi oʻyinini Misrga qarshi oʻtkazadi. Mazkur oʻyinda futbolchilarimiz toʻliq oq libosda, darvozabon esa yashil libosda maydonga tushadi.

Uchrashuvni esa okeaniyalik hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Bosh hakam Kavana-Vauf Kempbell (Yangi Zelandiya), unga qanotlarda Trevis Isaak (Yangi Zelandiya) va Mutukera Bernard (Solomon orollari) yordam beradi. 4-rasmiy hakam vazifasi Hamilton Odettega (Yamayka) topshirilgan.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston–Misr oʻrtasidagi oʻyin 27-iyul soat 20:00 da “Stade de la Beaujoire” stadionida boʻlib oʻtadi.