Parij-2024: Oʻzbekiston boks terma jamoasi rekordini yangilashi mumkin
Fransiyaning Parij shahrida 2024-yilgi Olimpiya oʻyinlari boʻlib oʻtmoqda. Unda Oʻzbekiston 17 ta sport turi kesimida 50 nafar sportchi bilan qatnashmoqda. Bu safar ham boks terma jamoasi rekord oʻrnatishi kutilyapti. Ushbu maqolada finaloldi mulohazalar bayon etiladi.
Agar bugungi bahsda Abdumalik Xalokov avstraliyalik raqibini magʻlub etib, finalga yoʻl olsa va besh nafar finalchilarning barchasi gʻalaba qozonsa, Oʻzbekiston boks boʻyicha turnirda yana birinchi oʻrinni egallaydi. Ammo bitta kumush medal va qolgan oltinlar bilan ham chempion boʻlish mumkin. Lekin hozir gap bu haqda emas.
Rio-2016 Olimpiadasini eslaymiz
Olis Braziliyaning poytaxti Rio-de-Janeyro shahrida 2016-yilda boʻlib oʻtgan Olimpiadada Oʻzbekiston boks terma jamoasi jami 7 ta medal bilan birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgandi. Oʻshanda 3 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza medallari qoʻlga kiritilgan.
Sovrindorlar:
- -49 kg: Hasanboy Doʻsmatov — oltin;
- -52 kg: Shahobiddin Zoirov — oltin;
- -64 kg: Fazliddin Gʻoibnazarov — oltin;
- -69 kg: Shahram Gʻiyosov — kumush;
- -75 kg: Bektemir Meliqoʻziyev — kumush;
- - 91 kg: Rustam Toʻlaganov — bronza;
- -56 kg: Murodjon Ahmadaliyev — bronza.
Shu tariqa Oʻzbekiston 2016-yilgi Olimpiya oʻyinlari boks musobaqalarida jamoaviy hisobda birinchi oʻrinni egallagan. Undan keyingi oʻrinlarni mos ravishda Kuba va Fransiya jamoalari egallagan. Ularning hisobida oltitadan medal boʻlgan.
Shundan soʻng sovrindor boʻlgan sportchilarni taqdirlash boʻyicha prezident farmoyishi imzolangan. Unga koʻra, oltin medal egalariga 200 ming dollar, kumush medal sovrindorlariga 100 ming dollar, bronza medaliga sazovor boʻlganlarga esa 75 ming dollar mukofoti pul mukofoti berilgan.
Tokio-2020 Olimpiadasida bokschilarga nima boʻldi?
Kunchiqar mamlakatda oʻtgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston boks terma jamoasi 11 nafar (8 nafar erkak, 3 nafar ayol) sportchi bilan qatnashdi. Ammo yakunda faqatgina Bahodir Jalolov oltin medalga ega chiqdi. Shu tariqa Oʻzbekiston musobaqani 8-oʻrinda tugatdi.
Ungacha esa Elnur Abduraimov, Shahobiddin Zoirov, Bobousmon Baturov va Mirazizbek Mirzaxalilovlar chorak finalda, Fanat Qahramonov, Sanjar Tursunov va Dilshodbek Roʻzmetov esa birinchi va ikkinchi davradagi jangida magʻlubiyatga uchragandi.
Shuningdek, ushbu Olimpiada oʻzbekistonlik bokschi qiz ilk marta jangda gʻalaba qozongani bilan tarixga kirgan. Unga qadar bokschi qizlar gʻalabali yurishni amalga oshira olmagan. Ushbu tarixni Tursunoy Rahimova yozgan. Ammo u ham keyingi bosqichda raqibiga imkoniyatni boy bergan.
Bahodir Jalolovga prezident topshirigʻi bilan 200 ming dollar pul, Tahoe va 4 sotixli hovli sovgʻa qilingan. Shuningdek, bokschi prezident Shavkat Mirziyoyev bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan ham taqdirlangan.
Parij-2024 Olimpiadasidan nimalarni kutish kerak?
Bu safar Oʻzbekiston terma jamoasi 11 nafar bokschi (7 nafar erkak, 4 nafar ayol) bilan boks musobaqalarida qatnashmoqda. Ulardan 4 nafari finalga chiqqan, yana bir bokschi Abdumalik Xalokov ham bugun yarim final bahsini olib boradi.
Hozirda finalchilar Hasanboy Doʻsmatov (-51 kg), Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev (-71 kg), Lazizbek Mullojonov (-92 kg) va Bahodir Jalolov (+92 kg) oʻzlarining yakuniy janglarini qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda. Ular keyingi 1-2 kunda birin-ketin ringga chiqishadi.
Hozirda onlayn roʻyxatda Kuba, Irlandiya va Ukraina jamoalari yetakchilik qilmoqda. Ammo ular reytingni uzoq boshqarib tura olmaydi. Chunki jamoalar hisobida atigi bittadan oltin bor. Oʻzbekiston eng yomon ssenariy boʻyicha oltin ololmasdan musobaqani yakunlasa, reytingdan tushib qolishi mumkin.
Barcha kutayotgan hodisa bugungi jangdan keyin finalchilar soni besh nafarga yetsa va Hasanboy Doʻsmatov ikkinchi marta Olimpiada chempionligini qoʻlga kiritsa, Oʻzbekiston darhol onlayn roʻyxatdagi yetakchilar orasiga qoʻshiladi.
Shundan soʻng qolgan finalchilar janglarni mardonavor tarzda oʻtkazib, birin-ketin oltin medallarni qoʻlga kiritsa, unda boshqa hech bir jamoa Oʻzbekistonni quvib yeta olmaydi. Faqatgina Fransiyada ikkita oltin olish uchun imkoniyat saqlanib qolgan. Demak, Oʻzbekiston 3 ta oltin medalni qoʻlga kiritsa, roʻyxatning birinchi oʻrnidan joy egallaydi.
Ammo bu natija eski rekordni yangilash uchun kifoya emas. Buning uchun 4 ta oltin olinishi kerak. Shundagina Oʻzbekiston oʻzining Rio Olimpiadasidagi tarixiy gʻalabasini nafaqat takrorlaydi, balki undan oʻzib ketib, yangi sahifani ochadi. Buning uchun esa bokschilarimizdan faqatgina temir iroda talab etiladi.
Aytgancha, 8-avgust kuni jang oʻtkazadigan bokschilarimiz avvalgi raqiblari bilan yaxshi tanish. Hasanboy Doʻsmatov bugungi finaldagi raqibi Billal Bennama bilan Toshkentda boʻlib oʻtgan Jahon chempionati finalida bahs olib borgandi. Hasanboy oʻshanda birinchi raunddayoq Bennamani texnik nokautga uchratgan. Jang soat 01:35 da boshlanadi.
Abdumalik Xalokov ham Toshkentda boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida Charli Seniorga qarshi ringga koʻtarilgan va uni magʻlubiyatga uchratgandi. Yarim final jangi Toshkent vaqti bilan soat 00:30 da boshlanadi. Agar u jangda gʻalaba qozonsa, finalda Munarbek Seitbek Uulu va Xavyer Ibanez juftligi gʻolibiga qarshi bahs olib boradi.