РУ
O’Z
UZS
/
/
Parkentda ming yillik tarixga ega qabr topildi
30.08.2024

Parkentda ming yillik tarixga ega qabr topildi

Parkentda ming yillik tarixga ega qabr topildi

2024-yilning iyun oyida Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan “Kumushkon” mahallasining shimolidagi fermer xoʻjaligiga olib boruvchi yoʻlning qurilishi jarayonida tasodifan qadimgi davrga oid qabr qoldiqlari aniqlangandi.

Birlamchi oʻrganishlar natijasida ushbu hududdan suyak boʻlaklari hamda kuchli zanglagan temir qilich topildi.

Qazishmalar davomida yoʻl ustida yer surish ishlari olib borilayotgan vaqtida hosil boʻlgan oʻra aslida yerosti dafn xonasi (katakomba) ekanligi aniqlandi. Mutaxassislar tomonidan bu yerdan dafn buyumlari, temir qilich, bronza uzuk, sopol idish hamda bulla (muhr) topildi.

Foto: Madaniy meros agentligi

Qurilishning umumiy turi va dafn marosimining koʻpligidan kelib chiqqan holda mutaxassislarning taxminlaricha ushbu qabr eramizning I ming yilligiga toʻgʻri kelmoqda.

Arxeolog olimlar tomonidan aytilishicha, bunday qabrlar oʻsha davrdagi koʻchmanchi chorvador aholiga taalluqli boʻlgan boʻlishi mumkin. Noyob topilmalarni oʻrganish maqsadida eksponatlar Y.Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti laboratoriyasiga olib kelingan.

Foto: Madaniy meros agentligi

Hozirgi vaqtda Madaniy meros agentligining moliyaviy koʻmagida hududda Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan arxeologik qazishma ishlari olib borilmoqda.