РУ
O’Z
UZS
/
/
Pechni qanday tozalash kerak – xalqona va boshqa usullar
20.07.2024

Pechni qanday tozalash kerak – xalqona va boshqa usullar

Pechni qanday tozalash kerak – xalqona va boshqa usullar

Pechingizning tashqi ko‘rinishi yomon bo‘lib qoldimi? Unda sizga yordam beramiz! E’tiboringizga pechni tozalashda foydalanadigan nafaqat xalq usullari, balki boshqalarini ham taqdim etamiz. 

Pechni xalqona usullar bilan tozalaymiz:

Pechni “yangidek” qilishning eng oson va samarali usullaridan biri uni ekologik va kimyoviy moddalarsiz tozalashdir. Bu xalq usulini buvilarimiz qo‘llagan, biz ham undan samarali bo‘lgani uchun hozirgacha foydalanib kelmoqdamiz. Faqat bu usuldan foydalanishda rezin qo‘lqoplarni kiyib olishni unutmang. 

Buning uchun bizga quyidagilar kerak bo‘ladi: 

  • Soda – 1/2 stakan
  • Sirka (9% li)
  • Suv
  • Gubka va pulverizator 

Pechni tozalashni boshlaymiz:

Tozalovchi massani tayyorlab olamiz. Buning uchun yarim stakan sodani olib, unga suv (4 osh qoshiq) qo‘shib, pasta holiga kelguncha aralashtiramiz.

Tayyor aralashmani pechning ichki qismiga surib, keyin oldindan pulverizatorga solingan uksusni ustidan purkab chiqamiz. Bunday usul bilan yog‘li qoplamadan tezda xalos bo‘lish mumkin. Pechning devorlarini ham tozalab, suv bilan yuvib tashlashni unutmang.


Xuddi shunday kimyoviy moddalarsiz va limon kislotasi qo‘shilgan usul yordamida ham pechdagi qotib qolgan yog‘lar va boshqa iflosliklardan samarali ravishda xalos bo‘lish mumkin. 

Bizga quyidagilar kerak bo‘ladi: 

1 pachka limon kislotasi

Yarimta limon

Iliq suv

Qo‘lqop va gubka

  • Pechdan listni chiqarib, uni 200 gradusgacha qizdiramiz.
  • Listga suv solib, shu suvga limon kislotasini eritamiz.
  • Listni pechning eng pastki qatoriga qo‘yib, kamida 30 daqiqa davomida u yerda qoldiramiz.
  • So‘ng pechni o‘chiramiz va yopiq holda (taxminan 20 daqiqa) sovitishga qoldiramiz.
  • 20 daqiqa o‘tgach, pech hali iliq bo‘lganda, gubka va idish yuvish vositasi bilan yuvib olamiz.
  • Agar pechda “o‘jar” yog‘ dog‘lari qolgan bo‘lsa, ularning ustidan yarimta limon surtib, 10-15 daqiqa davomida qoldiramiz. Odatda, shundan keyin ular devorlardan osongina tozalanadi.
  • Pechni toza kran suvi bilan yuvib olamiz. Toza pechingizni yaltirashidan ko‘zlaringiz qamashib qolmadimi?

     

Hatto eng iflos (bir necha yil davomida yuvilmagan) pechni ham tozalashga yordam beradigan usul. Og‘ir artilleriya degan turlardan! 

Bizga quyidagilar kerak bo‘ladi: 

Kir yuvish sovuni (jigarrang)

Vodorod peroksid (3% dan ko‘p emas)

Limon kislotasi

Soda

Suv

Qo‘lqop va gubka

  • Bir bo‘lak (100 gram) kir yuvish sovunini olib, uni qirg‘ichdan o‘tkazamiz.
  • Unga bir litr qaynoq suv qo‘shamiz va bir xil massaga kelgunicha aralashtiramiz.
  • Tayyor eritmaga 4 osh qoshiq peroksid quyib, yana aralashtiramiz.
  • Aralashma solingan idishni oldindan qizdirilgan pechga 1 soatga qo‘yamiz.
  • Keyin pechni o‘chiramiz, ichidan aralashmani olib chiqib, pechni biroz sovutamiz.
  • Sal sovigan pechni o‘sha aralashma bilan yuvib, so‘ng darhol toza suv bilan yuvib olamiz. Ishlashi kerak!

Pechni ijtimoiy tarmoqlardagi usullar bilan tozalaymiz

Qabartma yog‘ga qarshi 

Har bir uyda bo‘lgan qabartma nafaqat pishiriq mahsulotlariga, balki pechni tozalash eritmasiga ham qo‘shiladi. Hayron bo‘ldingizmi? Biz ham. Keling, buni amalda sinab ko‘ramiz. Aytishlaricha, bu usul nafaqat pechni, balki pech listini ham yaxshi tozalaydi.

Bizga quyidagilar kerak bo‘ladi:

1 paket qabartma

2,5 osh qoshiq suv

  • Pech devorlarini nam latta bilan artib, qabartma va suvdan iborat quyuq aralashma bilan qoplaymiz.
  • “Maxsus vositani” pechning devorlariga bir necha soat (kamida 2 soat) davomida qoldiring. So‘ng, yog‘ va kuyundi qoldiqlarini toza latta bilan olib tashlaymiz va toza suv bilan yuvib olamiz.

Ammiak kuyundiga qarshi 

Zamonaviy uy bekalari sevib foydalanadigan, ijtimoiy tarmoqlardan olingan pechni tozalashning yana bir mo‘jizaviy usuli sizni ammiak xarid qilish uchun dorixonaga borishingizga undaydi. Balki uyingizda ham ammiak bordir. Ammo bu tozalash usulini kechasi qilishingizni ogohlantiramiz. 

Bizga quyidagilar kerak bo‘ladi: 

Ammiak

Suv

Gubka, qo‘lqop, pulverizator

  • Bu safar pechni oldindan qizdirish kerak emas. Faqat pech devorlariga ammiakni gubka bilan surib chiqamiz va keyin yanada yaxshi ta’sir qilishi uchun pulverizator bilan purkaymiz.
  • Pechni ammiak surtilgan holda tun bo‘yi qoldiramiz va uxlashga yotamiz. Ertalab esa oldin suv va keyin idish yuvish vositasi bilan yuvib olamiz. Tozalash ishlari tugagandan so‘ng pechni birozga ochiq qoldirishni unutmang, axir bu ammiak.