РУ
O’Z
UZS
/
/
Prezident shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolarini tabrikladi
23.09.2024

Prezident shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolarini tabrikladi

Prezident shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolarini tabrikladi

Oʻzbekistonlik shaxmatchilar Vengriyaning Budapesht shahrida boʻlib oʻtgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida uchinchi oʻrinni egalladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vengriyaning Budapesht shahrida boʻlib oʻtgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida uchinchi oʻrinni egallagan Oʻzbekiston shaxmat terma jamoasi aʼzolarini tabrikladi.

“Gʻoyat keskin va murosasiz musobaqalarda sizlar yuksak aql-zakovat, mustahkam iroda va matonat fazilatlarini namoyon etib, Xitoy, Serbiya, Armaniston, Germaniya, Ozarbayjon, Sloveniya, Ispaniya kabi manaman degan davlatlarning jamoalarini ortda qoldirganingiz ulkan tahsin va tasannolarga sazovordir”, deyiladi tabrik soʻzida.

Mirziyoyev terma jamoa aʼzolari - Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov natijalari juda qadrli ekanini taʼkidladi.

“Ayniqsa, taxtalar kesimida Shamsiddin Vohidov oltin medalni, Nodirbek Abdusattorov kumush medalni qoʻlga kiritib, naqadar katta mahorat egasi ekanlarini yana bir bor isbotlaganlarini alohida taʼkidlash lozim”, — deyiladi tabrikda.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston ayollar terma jamoasining 12-oʻrinni egallaganini ham qayd etdi.

“Mard va jasur oʻgʻlonlarimiz qatorida Afroʻza Hamdamova, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova, Nodira Nodirjonova singari azmu shijoatli shaxmatchi qizlarimiz ham musobaqalarda munosib ishtirok etib, bor kuch-gʻayrati va mahorati bilan Vatanimiz sharafini himoya qildilar.

Ular oʻtgan olimpiadada koʻrsatgan natijalarini yaxshilab, 170 mamlakat oʻrtasida 12-oʻrinni egallaganlari albatta eʼtiborga molikdir. Matonatli qizimiz Nodira Nodirjonova taxtalar kesimida faxrli 2-oʻrinni egallab, kumush medal bilan taqdirlangani ayniqsa quvonchlidir. Ularning barchasini samimiy qutlab, kelgusi musobaqalarda sovrinli oʻrinlarni zabt etishlarini tilayman”, — deyiladi tabrikda.

Prezident 2026-yilda Oʻzbekiston shaxmat olimpiadasiga ilk bor mezbonlik qilishini esga olib, shaxmatchilarga unda ham eng yuksak choʻqqilar zabt etishini tiladi.