РУ
O’Z
UZS
/
/
Prokrastinatsiyani qanday yengish mumkin va nega bizda doim hamma narsani keyinga qoldirish istagi bo‘ladi?
22.07.2024

Prokrastinatsiyani qanday yengish mumkin va nega bizda doim hamma narsani keyinga qoldirish istagi bo‘ladi?

Prokrastinatsiyani qanday yengish mumkin va nega bizda doim hamma narsani keyinga qoldirish istagi bo‘ladi?

Ba’zan ayrim vazifalarni unutish yoki ularni xohlamay bajarish odatiy hol. Biroq, keyinga qoldiruvchi xatti-harakatlar odatga aylansa, bunga e’tibor berish kerak. 

Prokrastinatsiya nima?

Prokrastinatsiya – bu muhim narsalarni doimiy ravishda “keyinga” qoldirishdir. Qiladigan ishingiz ko‘pmi? Choy ichib, mashinani yuvib, keyin barcha muhim vazifalarni oxiriga yetkazaman. Shifokor ko‘rigiga yozilishingiz kerakmi? Serialni tomosha qilib turaychi, og‘riq to‘xtamasa, keyin shifoxonaga boraman.

Demak, bu oddiy dangasalikmi? Shunchaki men o‘zimni ishlashga majbur qilishim kerakmi?

Yo‘q, prokrastinatsiya bu dangasalik emas, balki muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqish, noaniqlik hissi, o‘ziga past baho berish va boshqa jiddiy sabablar bilan bog‘liq bo‘ladigan murakkab psixologik jarayondir.

Dangasa odamdan farqli o‘laroq, prokrastinator o‘z maqsadiga erishishni chin dildan istaydi. Shuning uchun ishni keyinga qoldirish yoki boshqa masalalar bilan chalg‘iganda, u o‘zini stressda va aybdor his qiladi. Dangasa odam esa, aksincha, hech qanday xavotir va vijdon azobisiz mazza qilib dam oladi. 

Nega biz bunga yo‘l qo‘yamiz? Bir ishni qilish uchun motivatsiyaning o‘zi yetarli emasmi?

Motivatsiya har doim ham harakat qilishga sabab bo‘lmaydi, chunki juda ko‘p sabablar bunga qarshilik qilishi mumkin:

— Perfeksionizm. Ba’zan hamma narsani mukammal bajarish istagi “perfeksionizm paralichi”ga olib keladi – o‘z talabingizga javob bermaslikdan qo‘rqib harakatsizlikka tushib qolish. Agar bu ishni baribir mukammal qila olmasam, unda uni bajarib nima qilaman?

— Rejalashtirish ko‘nikmalarining yo‘qligi va qilishingiz kerak bo‘lgan ishlarga aniq muddat belgilamaslik. Biror vazifani bajarish rejasi va muddati bo‘lmaganda, uni bekor qilish juda oson.

— O‘z-o‘ziga past baho berish. Ko‘pincha odamlar o‘z qobiliyatlariga shubha bilan qaragani sababli vazifalarni orqaga suradi. Bu salbiy siklni yaratadi: prokrastinatsiya o‘ziga bo‘lgan ishonchni kamaytiradi, bu esa yana muhim ishlarni kechiktirishga olib keladi.

— Muvaffaqiyatdan qo‘rqish. Juda g‘alati bo‘lsa-da, biz nafaqat muvaffaqiyatsizlik ehtimolidan, balki liderlikda bo‘lishdan ham qo‘rqamiz. Axir, muvaffaqiyat ko‘p mas’uliyat va undan ham ko‘proq ishni keltirib chiqaradi.

— Charchash. Inson dam olish o‘rniga, qilishi kerak bo‘lgan vazifalardan xavotirlanishda davom etgan holda ikkilamchi masalalarni qiladi.

Bular prokrastinatsiyaning hali barcha sabablari emas, qolgan sabablar ham bir xil ssenariyga ega: muhim ishlarni orqaga surish, asabiylashish va baribir, shunga qaramay o‘z xatti-harakatlari strategiyasini o‘zgartirmaslik. 

Prokrastinator ekanimni qanday bilish mumkin? Uning qanday alomatlari bor?

Ha, uning e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan quyidagi alomatlari mavjud:

  • Sizda turli vaqtlarda boshlagan, ammo haligacha oxiriga yetmagan bir nechta ishlar ro‘yxati mavjud.
  • Eng muhim ishlarni keyinga qoldirib, oson va ikkinchi darajali vazifalarni bajarish sizga ko‘roq yoqadi.
  • Sizning sevimli iboralaringiz: “Ertaga qilaylik” va “Keyinroq qilaman”.
  • Qaror qabul qilishda qiynalasiz, shuning uchun sizda doim javobsiz xabarlar to‘lib yotadi.
  • Muhim vazifa paydo bo‘lgandanoq, zudlik bilan qahva ichgingiz, shkafni tozalashingiz yoki do‘stlaringizga qo‘ng‘iroq qilgingiz kerak bo‘lib qoladi.
  • Qilish kerak bo‘lgan ishlarning yig‘ilib qolganidan qayg‘urasiz, ammo ularni boshlash uchun ma’lum bir mos vaqt va ilhom kelishini kutasiz. 

Prokrastinatsiyani yengish mumkinmi va agar mumkin bo‘lsa, unga qarshi kurashda qanday vositalar mavjud?

Ha, prokrastinatsiyaga qarshi kurashish mumkin va kerak. Agar u depressiya, DYGS (diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi) yoki psixo-hissiy charchash fonida yuzaga keladigan prokrastinatsiya haqida gap ketganda, iloji boricha mutaxassis yordami bilan muammoni hal qilgan ma’qul. 

Quyida “doimiy erta”ni “bugunga” aylantirishga yordam beradigan maslahatlarni keltiramiz:

1. Muammoni tan oling. Prokrastinatsiyani yengish uchun uning mavjudligini qabul qilishingiz kerak. Surunkali ishlarni qoldirish sehrli tepkilar va motivatsion nutqlar bilan davolanmasligiga tayyor bo‘ling. Bu o‘zingiz ustida jiddiy ish bo‘lib, bunda sizga psixolog yordami kerak bo‘lishi mumkin.

2. Sabablarini tushuning. Muvaffaqiyatsizlikka  uchrashdan qo‘rqib yoki shunchaki bajarilishi kerak bo‘lgan ishning mohiyatini tushunmaysizmi?

3.  Reja tuzing. Ish rejasini tuzing, katta vazifalarni mayda bo‘laklarga bo‘lib, ularni birinchi o‘rinda qiladiganlarini ajratib qo‘ying ( Eyzenxauer matritsasi bunga yordam beradi).

4. Chalg‘imang. Endigina ish bajarishni boshlaganingizda, qo‘llaringiz telefon yoki televizor pultiga boradimi? Bunday daqiqalarni kuzatib boring va ongli ravishda qilayotgan ishingizga qayting.

5. Dam oling. To‘plangan charchoq ertami-kechmi o‘zini bildiradi. U ish kunining o‘rtasida sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun oldindan yaxshi dam oling. 

Faqat menda bu holat bormi? Yoki boshqalar ham prokrastinatsiyadan aziyat chekadimi?

Deyarli har bir insonda vazifalarni bajarishga o‘zini majbur qilish kerak bo‘lgan holatlar mavjud bo‘ladi. Shunday qilib, prokrastinatsiya hatto mashhurlarni ham chetlab o‘tmagan.

Masalan, taniqli yozuvchi Mark Tven prokrastinatsiyani yengishning eng yaxshi usuli – “qurbaqani yutish”, ya’ni kunni eng qiyin va yoqimsiz vazifalarni bajarish bilan boshlashdir, deb ta’kidlardi. Bu g‘oya prokrastinatsiyaga qarshi kurashishning ko‘plab zamonaviy usullarining asosiga aylandi.

Apple kompaniyasining asoschisi Stiv Jobs esa “fokuslash” deb ataladigan texnikani qo‘llagan. U keraksiz hamma narsani chetga surib, ajratilgan vaqt davomida bir muhim vazifaga butunlay e’tibor qaratgan (buning uchun  “Pomodoro” texnikasidan foydalanishga harakat qiling). 

Menimcha, bu men haqimda. Ushbu mavzuga oid yana nimalarni o‘qishim mumkin?

Prokrastinatsiyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan ko‘plab kitob va videolar mavjud. Quyida ba’zi tavsiyalar keltiramiz:

Deniel Frayer, “Zararli fikrlar. Yashashimizga xalaqit beradigan 4 ta psixologik munosabat”

Tanya van Essen, “Prokrastinatsiya – dangasalik emas”

Set J. Gillihan, “Tashvish, g‘azab, prokrastinatsiya. Mustaqil ishlash uchun 10 ta strategiyalar”

Nir Eyal, Juli Li, “Chalg‘maydiganlar. E’tibor va hayotni qanday boshqarish kerak”

Pyotr Lyudvig, “Prokrastinatsiyani yengib chiqing! Ishlarni qanday qilib ertaga qoldirmaslik kerak”