Registon maydonidan Boqiy shahargacha: Samarqandda tashrif buyurishingiz shart boʻlgan joylar
Ilk bor Samarqandga tashrif buyurganlarning, eng avvalo, shaharning qadimiy serjilo meʼmorchilik obidalari bilan tanishib chiqishlari maqsadga muvofiqdir. Lekin Samarqand faqatgina tarixiy obidalari bilan mashhur emas. Shaharda borish mumkin boʻlgan zamonaviy joylar ham yetarlicha. Quyida hamisha koʻhna va navqiron shaharga sayohatingiz davomida borishingiz lozim boʻlgan joylar haqida soʻz boradi.
Registon maydoni
Ushbu maydon shaharning diqqatga sazovor muhim joylaridan biri boʻlib, qadimiy, ammo hamisha navqiron shaharsozlik ansambli sifatida butun dunyoga dongʻi ketgan. Bu yerda dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlarni uchratasiz. Sharq meʼmorchiligining ajoyib namunasi sifatida Samarqand YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Chipta narxi:
- 17 yoshgacha boʻlganlarga — 5000 soʻm;
- katta yoshdagilarga — 10 000 soʻm;
- xorijliklarga — 65 000 soʻm.
Goʻri-Amir maqbarasi
Goʻri Amir tarixiy yodgorligi XV asr boshlarida qurilgan boʻlib, oʻzbek meʼmorchilik sanʼatining buyuk ijodiy namunasi hisoblanadi. Avval madrasa shahardagi mashhur ziyoli arboblarning farzandlariga taʼlim-tarbiya beruvchi ilm maskani sifatida qurilgan. Uning roʻparasida maxsus xonaqoh qad rostlagan.
- bolalar uchun — 5000 soʻm;
- kattalar uchun — 10 000 soʻm;
- xorijliklar bolalarga — 30 000 soʻm;
- xorijliklar kattalarga — 40 000 soʻm.
Family Park majmuasi
Xalqaro darajada qurilgan ushbu koʻngilochar majmuada xaridlar va dam olish uchun barcha sharoitlar mavjud. Siz bu yerda kinoteatr, konkida uchish maydoni, fudkort, kitob doʻkoni, bouling va boshqalarni topishingiz mumkin.
Umumiy maydoni 43 ming kvadrat/metr boʻlgan zamonaviy markazda shahar aholisi va mehmonlariga qiziqarli hamda maroqli hordiq chiqarishlari uchun qator imkoniyatlar yaratilgan.
Boqiy shahar
Samarqanddagi eng yangi qadamjolardan biri bu Boqiy shahardir. Tor koʻchalarda rassomlar, hunarmandlar va duradgorlarning doʻkonlari joylashgan. Boqiy shahardagi pavilyonlarning prototiplari eski kitoblarda tasvirlangan haqiqiy uylar va goʻzal maydonlar boʻlgan. Bu yerda siz goʻzal sharqona ertak muhitiga shoʻngʻiysiz — firuza gumbazlari, saroy devorlaridagi mozaikalar va minoralar.
Boqiy shaharga tashrif buyuruvchilar mamlakatning turli davrlari va mintaqalari milliy taomlarini tatib koʻrishlari va haqiqiy koʻcha tomoshalarini koʻrishlari mumkin.
Shohi Zinda maqbaralar majmui
Shohi Zinda maqbarasining tarixiy obidaning oʻziga xos jihati shundaki, u XIV-XV asrlar mobaynida qurilgan barcha inshootlarni oʻzaro chambarchas uygʻunlashtirgan. Mazkur binolar qadimgi Afrosiyob shahrining yaqinida qad rostlagan boʻlib, bino joylashgan koʻchani “qabriston koʻchasi”, deb ham atashgan. Oʻzbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning ham qabri ayan Shohi Zinda yaqinida joylashgan.
“Sharq yulduzi” kinoteatri
1907-yilda qurilib, faoliyatini boshlagan kinoteatrda 3 ta tomosha zali mavjud, shundan kichik zal — “Retro zali” sifatida foydalaniladi.
Ushbu kinoteatr kinolar namoyish etishdan tashqari katta tadbirlarga mezbonlik qilishi bilan ham ajralib turadi. 2023-yilda ayan “Sharq yulduzi” kinoteatrida Italiya filmlari festivali boʻlib oʻtgan, unda mashhur qoʻshiqchi Al Bano ham mehmon boʻlgandi.
Shashlik.uz restorani
Maqola boshida taʼkidlanganidek, Samarqandning faqatgina tarixiy joylariga toʻxtalmaymiz. Agar siz Samarqandga sayohat qilsangizu, yuqorida keltirilgan barcha manzillarga borgan boʻlsangiz, ochqashingiz tayin. Shunda siz Samarqandda ochilgan keyinchalik esa Oʻzbekistonning boshqa shaharlarida ham franshizalar ochishga muvaffaq boʻlgan Shashlik.uz restoraniga tashrif buyurishingiz mumkin.
Ushbu restoran oʻz kaboblari bilan mashhur boʻlibgina qolmay, boshqa milliy hamda dunyo oshxonasiga kiruvchi taomlari bilan ham maqtana oladi.
- Murojaat uchun telefonlar: +998662320000; +998905021111.