Rossiya Oʻzbekistonga maymunchechakni aniqlash uchun test tizimlarini yuboradi
“Rospotrebnadzor” Oʻzbekistonga maymunchechakni aniqlash uchun test tizimlarini yuboradi. Birinchi toʻplamlar shu haftada yetkazib beriladi.
Rossiya Oʻzbekistonga maymunchechakni aniqlash uchun “Vektor” ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqarilgan test tizimlari toʻplamlarini yuboradi.
Bu haqda Rossiya Federatsiyasi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (“Rospotrebnadzor”) matbuot xizmati xabar berdi.
26-avgust kuni “Rospotrebnadzor” tashabbusi bilan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YEOII) aʼzo davlatlar aholisining sanitariya-epidemiologiya farovonligi sohasidagi vakolatli organlar rahbarlari kengashining navbatdan tashqari yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Armaniston, Belarus, Qozogʻiston va Qirgʻiziston bosh davlat sanitariya shifokorlari ishtirok etdi. Ishtirok etish uchun Tojikiston va Oʻzbekistonning sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi sohasidagi vakolatli organlari rahbarlari ham taklif etildi.
Yigʻilishda JSSTning maymunchechak kasalligi boʻyicha xalqaro favqulodda holat eʼlon qilishi bilan bogʻliq vaziyat muhokama qilindi. Kengash aʼzolarining soʻzlariga koʻra, YEOIIga aʼzo davlatlar Tojikiston va Oʻzbekistonda maymunchechak kasalligining tarqalish xavfi past deb baholanmoqda.