Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida temiryoʻl qatnovi toʻliq tiklandi
Rossiya va Oʻzbekiston hukumat rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning beshinchi yigʻilishida shunday maʼlumotlar qayd qilindi.
Rossiya va Oʻzbekiston temiryoʻl qatnovini toʻliq tikladi, ikki davlat poytaxtlari oʻrtasida poyezdlar qatnovi tiklanmoqda, deb xabar berdi Interfax.
Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Rossiya va Oʻzbekiston hukumat rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning beshinchi yigʻilishini ochar ekan, shunday dedi: “Biz oʻzaro hamkorlikning yana bir muhim yoʻnalishi — transport-tranzit hamkorligini, mamlakatlarimizga istiqbolli mahsulot bozorlarini ochish imkonini beradigan yangi xalqaro transport yoʻlaklari shakllantirishdan manfaatdormiz. Toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar soni haftasiga deyarli 300 taga yetdi, bizda boshqa mamlakatlar bilan bunday koʻrsatkich yoʻq, ularning geografiyasi kengaymoqda”.
Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin qoʻshimcha qildi: “Biz mintaqalararo aloqalar mustahkamlanib, turli yoʻnalishlarda – qoʻshma sanoat zonalarida yangi ommabop loyihalarni yuzaga keltirishini kutamiz. Ikki davlat oʻrtasida transport aloqalarini kuchaytirishga eʼtibor qaratishni taklif qilamiz. Yuk va yoʻlovchi tashish hajmini oshirish uchun ishonchli xalqaro logistika yoʻlaklarini birgalikda rivojlantiramiz”.
Mishustin mamlakatlar oʻrtasida sayyohlik aloqalari tobora ortib borayotganini taʼkidladi.
“Soʻnggi paytlarda ularga boʻlgan talab sezilarli darajada oshdi, bu esa sayohatlar qulayligi va xizmatlar sifatini oshirish, mahsulot turlarini kengaytirish boʻyicha olib borayotgan ishlarimiz bilan qoʻllab-quvvatlandi. Turistlarning oʻzaro oqimi oʻtgan yil yakunlariga koʻra ikki barobar oshdi — 1 million ikki yuz minggacha. Joriy yilning birinchi yarmida — yana 12 foizga oʻsdi”, — dedi Mishustin.
“Rossiyada Oʻzbekiston Turizm yilining oʻtkazilishi bu boradagi koʻrsatkichlarni oshirishga yordam beradi. Bundan tashqari, 24-sentyabrdan boshlab, pandemiya sababli toʻxtatilgan Moskva va Toshkent yoʻlovchi poyezdlari harakati tiklanadi”, dedi u.