Samarqandda haydovchilar uchun yagona imtihon markazi ochildi
Nomzod amaliy imtihondan oʻta olmasa, u nazariy imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan paytdan boshlab 2 oy ichida 7 kunlik interval bilan qayta topshirishi mumkin. Agar bu muddat ichida topshira olmasa nazariy imtihonni ham boshqatdan topshiradi.
Samarqandda viloyat imtihon markazi ochildi. Endi avtomaktablarda oʻqigan boʻlajak haydovchilar haydovchilik guvohnomasini olish uchun shu maskanga kelib, nazariy va amaliy imtihon topshiradi.
Superfosfat zavodining ort tomonida, Past Dargʻom tumani hududida ochilgan imtihon markazining ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov chiqish qildi. U imtihon markazining ochilishidan maqsad, haydovchilik guvohnomasini olishda tanish-bilishchilik va korrupsiyaga barham berish ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Soʻngra Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi Sherzod Ibragimov bunday markazlarning ahamiyati haqida gapirdi. Ushbu innovatsion majmuada imtihonning nazariy qismida birvarakayiga 25 kishidan test olish mumkin. Avtopoligonda esa 10 ta kursant bir vaqtning oʻzida amaliy imtihon topshirsa boʻladi.
Butun jarayon toʻliq avtomatlashtirilgan. Nomzod Markazga kelganida oʻziga tegishli individual QR-kodini oladi, bunda u topshiradigan imtihonlarning har bir bosqichi belgilab qoʻyilgan boʻladi. Maslan, nazariy imtihondan oʻtish uchun 20 ta savoldan kamida 18 tasiga toʻgʻri javob berish talab etiladi, bunga 25 daqiqa vaqt ajratiladi. Agar ushbu sinov bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtsa, nomzod haydovchilik boʻyicha amaliy imtihonni topshirish huquqiga ega boʻladi.
Kutish zalida unga zarur koʻrsatmalar beriladi, shuningdek, qaysi mashgʻulotlarni va qanday ketma-ketlikda bajarish kerakligi toʻliq aks ettirilgan video maʼlumotnoma namoyish etiladi. Mashinani kursantning bir oʻzi boshqaradi. Mashina boshqaruvi asnosida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar uchun beriladigan jarima ballari 99 ball chegarasidan oshib ketmasa, imtihon topshirilgan hisoblanadi.
Nomzod amaliy imtihondan oʻta olmasa, u nazariy imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan paytdan boshlab 2 oy ichida 7 kunlik interval bilan qayta topshirishi mumkin. Agar bu muddat ichida topshira olmasa nazariy imtihonni ham boshqatdan topshiradi. Amaliy imtihonni topshirish uchun Markazda uchta maydonga boʻlingan avtomatlashtirilgan avtodrom mavjud.
- Birida “B”, “C” va “D” toifalari, yaʼni yengil avtomobil, yuk mashinasi va avtobusni boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olishga daʼvogar nomzodlar imtihon topshiradi.
- Ikkinchi maydonda esa “A” toifasi uchun – mototransport boshqarish huquqiga ega boʻlishni xohlovchilar amaliy koʻnikmalarini namoyish etadi.
- Uchinchi maydon “BE”, “CE” va “DE” toifalari uchun, yaʼni tirkamali avtotransport vositalarini boshqarish boʻyicha imtihonlarga moʻljallangan.
Nazariy va amaliy imtihonlar boʻyicha qoʻshimcha tayyorgarlikka muhtoj nomzodlar uchun Markazda ekspress-kurslar mavjud. Imtihonlarning ikkala bosqichi muvaffaqiyatli topshirilganidan soʻng, sertifikat beriladi, nomzodlar bu sertifikat bilan YHXBga murojaat qilishlari lozim. Sertifikat maʼlumotlar bazasida tekshirilganidan soʻng ularga belgilangan tartibda haydovchilik guvohnomasi taqdim etiladi.