Sergelida gastronomik ko‘cha tashkil etiladi
1,2 km uzunlikdagi ko‘chada yengil konstruksiyalardan tayyorlangan kafe va fudtraklar o‘rnatiladi. Yo‘l bir tomonlama bo‘lib, avtoturargoh bepul bo‘ladi.
Toshkent shahrining Sergeli tumanida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda mahalliy hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.
21-avgust kuni tuman hokimi Elbek Shukurov tadbirkorlarni loyiha taqdimoti bilan tanishtirdi. Uzluksiz faoliyat yurituvchi mazkur ko‘cha So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari kesishmasida joylashadi hamda mahalliy hokimlik va Yangi Sergeli istirohat bog‘idan boshlanib, “Fayz” mebel fabrikasida tugaydi.
Gastronomik ko‘chaning uzunligi 1,2 kmni tashkil etib, uning asosiy qismi Jaloyir ko‘chasida bo‘ladi. Qizil chiziqlar bilan belgilangan hududda yengil konstruksiyalardan qurilgan kafe va restoranlar hamda “fudtrak"lar o‘rnatiladi. Hokimlikning qayd etishicha, qurilish muddati taxminan ikki oyni qamrab oladi.
Mazkur ko‘chada transport harakati bir tomonlama amalga oshirilib, bepul avtoturargohlar tashkil etadi. Shuningdek, gastronomik ko‘chaning yon tomonlarida joylashuvchi ikkita velosiped yo‘lagini tashkil etish rejalashtirilgan.
Mahalliy “SAD” arxitektura va dizayn studiyasi tomonidan tayyorlangan loyiha renderlariga ko‘ra, ko‘chada jamoat joylari, jumladan, o‘yin maydonchasi, o‘tiradigan o‘rindiq va hovuz bo‘ladi.